Iyul oyida inflyatsiya darajasi 6,4% darajasida saqlanib qoldi

Oy davomida iste’mol narxlarining pasayishiga sabzavot va mevalarning mavsumiy arzonlashuvi sabab bo‘ldi

Iyul oyida inflyatsiya darajasi 6,4% darajasida saqlanib qoldi

2026-yil iyul yakunlariga ko‘ra, mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari narxining pasayishi umumiy deflyatsiyani shakllantirdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Iyul oyi yakuniga ko‘ra, yillik inflyatsiya darajasi iyun oyidagi ko‘rsatkich bilan bir xil bo‘lib, 6,4%ni tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan tovar va xizmatlar narxining o‘sish sur’ati 2,5% bandga pasaydi.

Oy davomida deflyatsiya 0,1% ni tashkil etdi. O‘tgan yilning iyul oyida bu ko‘rsatkich 0,2% bo‘lgan. Joriy yilning yanvar–iyul oylarida tovar va xizmatlar narxi 3,2% ga oshdi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 4% lik ko‘rsatkichdan past.

Narxlar o‘sishini cheklagan asosiy omil oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashuvi bo‘ldi. Bir oy ichida oziq-ovqat mahsulotlari 0,9% ga arzonlashdi, yillik hisobda esa ularning narxi 6,4% ga oshgan. Bunda sabzavot va mevalar narxining mavsumiy pasayishi asosiy ta’sir ko‘rsatdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxi pasayganiga qaramay, transport xarajatlari inflyatsion bosimni kuchaytirdi. Ushbu yo‘nalishda narxlar oy davomida 0,8%, yillik hisobda esa 7,1% ga oshdi.

Uy-joy xizmatlari segmentida ham narxlar o‘sishi kuzatildi. Farg‘ona viloyatida tariflarning yangilanishi ortidan maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmatlari narxi o‘rtacha 2,7% ga oshdi. Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish xizmatlari 0,6%, uy-joyni ta’mirlash va saqlash xizmatlari 0,8%, ijara narxlari esa 0,3% ga qimmatlashdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari narxi bir oy davomida 0,3% ga oshdi, ushbu toifadagi yillik narx o‘sishi esa 6% gacha sekinlashdi. Pullik xizmatlar narxi oy davomida 0,5% ga ko‘tarildi. Yillik hisobda xizmatlar narxi 6,6% ga oshdi. Bu o‘tgan yilgi 16,3% lik ko‘rsatkichdan sezilarli darajada past.

Hududlar kesimida narxlarning pasayishi aksariyat viloyatlarda qayd etildi. Eng yuqori deflyatsiya Qashqadaryo viloyatida kuzatilib, 0,3% ni tashkil etdi. Yana o‘nta hududda narxlar 0,2%, Toshkent viloyatida esa 0,1% ga pasaydi. Poytaxtda narxlar o‘zgarishsiz qoldi. Farg‘ona viloyati esa narxlar 0,1% ga oshgan yagona hudud bo‘ldi.

Yillik inflyatsiya darajasi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida (6,9%) qayd etildi. Eng past ko‘rsatkich esa Sirdaryo viloyatida bo‘lib, 5,4% ni tashkil etdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Markaziy bank biometrik ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha yangi talablarni joriy etdi
/
Markaziy bank biometrik ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha yangi talablarni joriy etdi
Qirg‘iziston O‘zbekistondan oyiga 20 ming tonnagacha yoqilg‘i import qilishni rejalashtirmoqda
/
Qirg‘iziston O‘zbekistondan oyiga 20 ming tonnagacha yoqilg‘i import qilishni rejalashtirmoqda
O‘zbekiston va Boshqirdiston tadbirkorlari qariyb $100 mlnlik shartnomalar imzoladi
/
O‘zbekiston va Boshqirdiston tadbirkorlari qariyb $100 mlnlik shartnomalar imzoladi