O‘zbekistonda islomiy moliya uch bosqichda rivojlantiriladi — Timur Ishmetov

Markaziy bank raisi islomiy mikromoliyadan boshlangan jarayon endi islomiy banklar va sukuk bozorini yaratish bosqichiga o‘tayotganini ma’lum qildi

O‘zbekistonda islomiy moliya uch bosqichda rivojlantiriladi — Timur Ishmetov

26-avgust kuni Islom sivilizatsiyasi markazida Silk Road Finance & Technology forumining yakuniy kunida so‘zga chiqqan Markaziy bank raisi Timur Ishmetov O‘zbekistonda islomiy moliya tizimini shakllantirish uch bosqichda amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, mamlakatda avval islomiy mikromoliyalashtirish yo‘lga qo‘yildi, keyinchalik islomiy bank faoliyati uchun huquqiy asos yaratildi. Navbatdagi bosqich esa islomiy kapital bozorini, jumladan, sukuk instrumentlarini rivojlantirishga qaratiladi.

Islomiy moliya uch bosqichda rivojlantiriladi

Timur Ishmetov O‘zbekistonda zamonaviy islomiy moliya tizimini shakllantirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi.

O‘zbekistonda zamonaviy islomiy moliyani rivojlantirishni uch bosqichga bo‘lish mumkin. Ular islomiy mikromoliya, islomiy bank va islomiy kapital bozorini rivojlantirish hamda joriy etishni qamrab oladi, — dedi u.

Birinchi bosqich doirasida mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliyalashtirish mahsulotlarini taklif qilish imkonini beruvchi qonunchilik va tartibga solish mexanizmlari joriy etilgan.

Hozirda 12 ta mikromoliya tashkiloti murobaha, ijara, salam, mudaraba va musharaka kabi islomiy moliya shartnomalari asosida xizmat ko‘rsatmoqda. Ulardan biri esa to‘liq ayol tadbirkorlarni mudaraba, ya’ni foydani taqsimlash tamoyili asosida moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan.

Islomiy banklar uchun yangi huquqiy asos

Islomiy moliyani rivojlantirishning ikkinchi bosqichi joriy yilning 29-iyunida islomiy bank faoliyatini joriy etishga oid qonun kuchga kirishi bilan boshlangan.

Yangi qonun O‘zbekistonda to‘liq islomiy banklarni tashkil etish, shuningdek, an’anaviy banklar tarkibida «islomiy darcha»lar ochish uchun alohida litsenziya tizimini joriy qiladi.

Bundan tashqari, islomiy moliyani boshqarishning ikki pog‘onali tizimi ham nazarda tutilgan. Unga Markaziy bank huzuridagi Islomiy moliya kengashi va tijorat banklaridagi tegishli kengashlar kiradi.

Ishmetovning ta’kidlashicha, islomiy va an’anaviy moliyaviy operatsiyalar uchun soliq neytralligini ta’minlash sohadagi asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Shu sabab yangi qonunda qo‘shilgan qiymat solig‘i va daromad solig‘i bo‘yicha tegishli mexanizmlar ham belgilangan.

Navbatdagi bosqich — sukuk bozori

Endi asosiy e’tibor islomiy kapital bozorini shakllantirishga qaratiladi. Kapital bozori to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasida sukukka bag‘ishlangan alohida bob kiritilgan.

Qonun loyihasi parlamentning Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilingan bo‘lib, u davlat va korporativ sukuklarni chiqarish uchun huquqiy asos yaratishni ko‘zda tutadi.

Hujjatda sukukning asosiy turlari, islomiy moliya standartlariga muvofiqlik talablari, sukuk uchun maxsus loyiha kompaniyalarining huquqiy maqomi hamda aktivlarni himoya qilish mexanizmlari belgilangan.

Shuningdek, 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan milliy islomiy moliya industriyasini rivojlantirish yo‘l xaritasi IFSB bilan hamkorlikda ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan.

Besh yillik hujjat beshta yo‘nalish va 39 ta tadbirni o‘z ichiga oladi. Kelgusi yillarda asosiy e’tibor qonunchilik va tartibga solish bazasini mustahkamlash, mutaxassislar tayyorlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, islomiy bank faoliyatini boshlash uchun sharoit yaratish hamda zarur infratuzilmani shakllantirishga qaratiladi.

Fintex islomiy moliyaning yangi tayanchiga aylanishi mumkin

Markaziy bank raisi nutqida fintex islomiy moliya ekotizimini rivojlantirishdagi muhim vositalardan biri sifatida ham tilga olindi.

Uning qayd etishicha, texnologiyalar moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatish samaradorligi va shaffofligini oshirib, xizmatlarni keng miqyosda taqdim etish imkoniyatini yaratadi. Raqamli kanallar esa yangi biznes modellar, investitsiyalar va iqtisodiy faollik uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi.

Markaziy bankka ko‘ra, raqamli iqtisodiyot sharoitida, jumladan, islomiy moliyaviy xizmatlarni ham raqamli kanallar orqali ko‘rsatish tobora muhim ahamiyat kasb etadi. Bu biznes va jamiyat ehtiyojlariga tezroq javob berish, innovatsiyalarni rivojlantirish hamda yangi investitsiya imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Prezident qariyb 50 trln so‘mlik 72 ta yirik loyiha ishga tushirdi
/
Prezident qariyb 50 trln so‘mlik 72 ta yirik loyiha ishga tushirdi
O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 4,5% gacha pasaydi
/
O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 4,5% gacha pasaydi
Markaziy bank raisi jahon bozorida neft va oziq-ovqat narxlarining oshgani O‘zbekistonga ta’sir ko‘rsatmaganini qayd etdi
/
Markaziy bank raisi jahon bozorida neft va oziq-ovqat narxlarining oshgani O‘zbekistonga ta’sir ko‘rsatmaganini qayd etdi