O‘zbekistonda ishbilarmonlik turizmi tashkilotchilariga QQSning 50%i qaytariladi
Kompensatsiyani olish uchun kompaniyalar Turizm qo‘mitasiga Yagona milliy turizm platformasi orqali murojaat qilishi kerak
Фото: Sputnik
O‘zbekistonda ishbilarmonlik turizmi (MICE-turizm)ni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga amalda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) 50% qismi qaytariladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali ma’lum qildi.
Hukumat qaroriga muvofiq, kompensatsiya respublika budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Mazkur mexanizm xorijiy sayyohlarni biznes uchrashuvlari va tadbirlar orqali jalb qiluvchi tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etiladi.
Kompensatsiyani olish uchun kompaniyalar Turizm qo‘mitasiga Yagona milliy turizm platformasi orqali murojaat qilishi kerak. Ariza tadbir yakunlanganidan keyin uch oy ichida topshiriladi.
Murojaatga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- MICE-tadbir haqida umumiy ma’lumot;
- tadbir dasturi;
- xarajatlar smetasi yoki kalkulyatsiyasi;
- elektron hisob-fakturalar va onlayn-kassa cheklari;
- bank to‘lov topshiriqnomalari;
- O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tganini tasdiqlovchi ma’lumotlar bilan xorijiy ishtirokchilar reyestri.
Vakolatli organ taqdim etilgan hujjatlarni besh ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.
Agar kompensatsiya to‘langandan so‘ng korxona aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etsa va kompensatsiya miqdori o‘zgarsa, ortiqcha to‘langan mablag‘lar qonunchilikda belgilangan tartibda davlat budjetiga qaytariladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ