Robert Hall va Michael Woodford iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritdi
Amerikalik iqtisodchilar makroiqtisodiy barqarorlashtirishning mikroiqtisodiy asoslarini ishlab chiqqani uchun taqdirlandi
Robert E. Hall va Michael Woodford 2026-yilgi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari bo‘ldi. Bu haqda Shvetsiya Qirollik fanlar akademiyasi ma’lum qildi.
Olimlar makroiqtisodiy barqarorlashtirishning mikroiqtisodiy asoslarini ishlab chiqqani uchun mukofotlandi. Ularning tadqiqotlari iqtisodiy tebranishlarni yumshatishga qaratilgan samarali siyosat choralarini ishlab chiqish imkoniyatlarini yaxshilagan.
Tadqiqotlar markaziy banklar faoliyatiga qanday yordam beradi?
Hall va Woodford ishlab chiqqan makroiqtisodiy modellar hukumatlar va markaziy banklarga iqtisodiyotdagi keskin o‘zgarishlarga qarshi choralarni samaraliroq belgilash imkonini beradi.
Jumladan, pul-kredit va budjet siyosati choralarini o‘z vaqtida qo‘llash iqtisodiy pasayishlar hamda keskin o‘sishlarning salbiy ta’sirini kamaytirishga yordam beradi. Bu yondashuv energiya inqirozlari yoki uy xo‘jaliklarining iste’mol xarajatlari kutilmaganda o‘zgarishi kabi holatlarda ham muhim hisoblanadi.
Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti qo‘mitasi vakillarining ta’kidlashicha, laureatlarning ishlari dunyo bo‘ylab markaziy banklar va hukumatlar foydalanadigan modellarga mustahkam nazariy asos yaratgan.
Robert E. Hall AQShdagi Stenford universiteti, Michael Woodford esa Kolumbiya universiteti bilan bog‘liq iqtisodchilar hisoblanadi.
Mukofot miqdori qancha?
2026-yilgi iqtisodiyot bo‘yicha mukofot 12 mln shved kronasini — taxminan $1,2 mlnni tashkil etadi.
Iqtisodiyot bo‘yicha mukofot 1969-yildan beri berib kelinadi. U Alfred Nobel vasiyatida nazarda tutilgan dastlabki beshta mukofot tarkibiga kirmaydi, balki Shvetsiya Markaziy banki tomonidan ta’sis etilgan.
2025-yilda ushbu mukofot Joel Mokyr, Philippe Aghion va Peter Howittga innovatsiyalar orqali iqtisodiy o‘sishni tushuntirgan tadqiqotlari uchun berilgan edi.
2025-yilgi mukofotni Niderlandiya, Fransiya va Kanadadan uch nafar olim innovatsion iqtisodiy o‘sish mexanizmi uchun olgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ