O‘zbekistonda ichki aviachiptalar narxi 20% gacha arzonlashtiriladi
Yangi tariflar parvozlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni maqbullashtirish hisobiga joriy etiladi
O‘zbekistonda ichki aviaqatnovlar tariflari qayta ko‘rib chiqildi. Natijada aviachiptalar narxi o‘rtacha 20% gacha pasaytirildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita ichki aviaqatnovlar tariflari, narxlarni shakllantirish tartibi va xizmatlarning yo‘lovchilar uchun qulayligini o‘rgandi. Tahlil natijalariga ko‘ra, chiptalar narxini pasaytirish maqsadida parvozlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni maqbullashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Takliflar yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shundan so‘ng Raqobat qo‘mitasi Uzbekistan Airways bilan birgalikda ichki yo‘nalishlar bo‘yicha tariflarni qayta ko‘rib chiqdi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, narxlarning pasayishi aholining aviaqatnovlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, ichki turizmni rivojlantirish va hududlar o‘rtasida harakatlanishni osonlashtirishga xizmat qiladi.
Yangi tariflar 16-oktyabrdan kuchga kiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ