Ipoteka subsidiyasini olish tartibi o‘zgardi: endi maxsus omonat ochish talab etiladi
Yangi mexanizm doirasida subsidiya oluvchilar avval bankda maxsus omonat shakllantiradi, davlat esa dastlabki badal subsidiyasini oldindan o‘tkazib beradi
Foto: Kapital.uz
2026-yil 1-iyuldan O‘zbekistonda “Maqsadli ipoteka omonati” mexanizmi tajriba-sinov tariqasida joriy etildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi tizim Prezidentning 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-son farmoni ijrosi doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan nizom asosida yo‘lga qo‘yildi.
Yangi tartibga ko‘ra, ipoteka krediti uchun dastlabki badal subsidiyasi ajratilishi bo‘yicha ijobiy xabarnoma olgan fuqarolar ixtiyoriy ravishda tijorat bankida maxsus ipoteka omonatini shakllantiradi.
Bunda omonat miqdori qayta moliyalashtiriladigan ipoteka krediti uchun talab etiladigan dastlabki badalning fuqaro hisobidan to‘lanadigan qismidan kam bo‘lmasligi kerak. Ya’ni, subsidiya dastlabki badalning faqat bir qismini qoplasa, qolgan mablag‘ fuqaro tomonidan maxsus omonatga joylashtiriladi. Ushbu summa bank tasdiqlagan maksimal kredit miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.
Hozirda bitta uy-joy uchun ajratiladigan ipoteka kreditining eng yuqori miqdori Toshkent shahrida 480 mln so‘mni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda esa 380 mln so‘mni tashkil etadi.
Nizomga muvofiq, ipoteka omonatini to‘liq shakllantirgan fuqarolar uchun davlat budjeti hisobidan ajratiladigan dastlabki badal subsidiyasi tijorat banklarining buyurtmasi asosida oldindan o‘tkazib beriladi. Omonat muddati esa 12 oydan oshmaydi.
Maxsus omonatdagi mablag‘larga bank tomonidan bozor stavkasida foiz hisoblanadi. Jamg‘arilgan mablag‘ va unga qo‘shilgan foizlar keyinchalik ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalni shakllantirishga yo‘naltiriladi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-may holatida tijorat banklarida jismoniy shaxslarning milliy valutadagi omonatlari bo‘yicha o‘rtacha yillik foiz stavkasi 19,9% ni tashkil etgan.
Shu bilan birga, ipoteka kreditlari bo‘yicha amaldagi foiz subsidiyasi tizimi ham saqlab qolindi. Unga ko‘ra, kreditning dastlabki besh yili davomida Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori bo‘lgan foiz qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, yangi mexanizm fuqarolarga ipoteka uchun zarur mablag‘ni bosqichma-bosqich jamg‘arish va uy-joy xarididagi moliyaviy yuklamani oldindan rejalashtirish imkonini beradi.
“Maqsadli ipoteka omonati” tizimi 2026-yil 31-dekabrga qadar tajriba-sinov tariqasida amal qiladi. Uning natijalaridan kelib chiqib, mexanizmni doimiy asosda joriy etish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ