O‘zbekistonda 8 oyda 18,3 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi

Yanvar–avgust oylarida 59,2 ming nafar fuqaro uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti oldi

O‘zbekistonda 8 oyda 18,3 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–avgust oylarida tijorat banklari tomonidan 59,2 ming nafar fuqaroga uy-joy sotib olish uchun jami 18,3 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

Ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,9 trln so‘mga oshgan. Kreditlarning o‘rtacha foiz stavkalari moliyalashtirish manbasiga qarab 16,9%–21,6% oralig‘ida shakllangan.

Ipotekaning 74%i birlamchi bozorda

Hisobot davrida ajratilgan ipoteka kreditlarining 74%i yoki 13,6 trln so‘mi birlamchi uy-joy bozoriga yo‘naltirilgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan 43,7 ming nafar fuqaro kredit olgan.

Qolgan 26% yoki 4,7 trln so‘mlik kreditlar ikkilamchi uy-joy bozoriga to‘g‘ri kelgan. Mazkur segmentda 15,4 ming nafar fuqaroga ipoteka krediti ajratilgan.

Ipoteka oluvchilarning asosiy qismini 31–50 yoshdagi fuqarolar tashkil etgan — 64%. 18–30 yoshdagilar ulushi 26%, 51 yoshdan kattalar hissasi 10% bo‘lgan.

Kredit oluvchilarning 53%i erkaklar, 47%i ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Eng ko‘p ipoteka Toshkent shahrida ajratilgan

Hududlar kesimida ipoteka kreditlarining eng katta hajmi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan — 5,59 trln so‘m.

Andijon viloyatida 1,59 trln so‘m, Qashqadaryoda 1,30 trln so‘m, Farg‘onada 1,26 trln so‘m, Surxondaryoda 1,11 trln so‘m va Samarqand viloyatida 1,02 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan.

Banklar kesimida eng ko‘p ipoteka krediti Xalq banki tomonidan berilgan. Keyingi o‘rinlarda Agrobank, Milliybank va Ipotekabank qayd etilgan.

Ipoteka kreditlari hajmi oshmoqda

O‘zbekistonda ipoteka kreditlari hajmi so‘nggi yillarda o‘sib bormoqda. 2021-yilda 9,8 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratilgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 14,4 trln so‘mni, 2023-yilda 16,9 trln so‘mni, 2024-yilda 17,1 trln so‘mni tashkil etgan.

2025-yilda esa tijorat banklari tomonidan jami 21,2 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun 12 355 nafar fuqaroga mablag‘ ajratilgan. Shundan 367 mlrd so‘m dastlabki badal yoki uning bir qismini qoplashga, 774,1 mlrd so‘m esa avvalgi yillarda ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlariga yo‘naltirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda ish beruvchilar ishchi kuchi tanqisligiga duch kelmoqda
/
O‘zbekistonda ish beruvchilar ishchi kuchi tanqisligiga duch kelmoqda
Korporativ ta’lim loyihalari bozor rivojlanishiga qanday ta’sir ko‘rsatadi
/
Korporativ ta’lim loyihalari bozor rivojlanishiga qanday ta’sir ko‘rsatadi
IT Park Ventures Britaniyaning Ayan Capital startapiga $1 mln investitsiya kiritdi
/
IT Park Ventures Britaniyaning Ayan Capital startapiga $1 mln investitsiya kiritdi