O‘zbekistonda ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlarni 2030-yildan bekor qilish taklif etildi
Kelgusida biznesni qo‘llab-quvvatlash davlat budjetidan subsidiyalar ajratish orqali amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda korxonalarga yangi ijtimoiy soliq imtiyozlarini berishni to‘xtatish, amaldagi imtiyozlarni esa 2030-yildan to‘liq bekor qilish taklif etilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlik tahliliga ko‘ra, ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlarni bekor qilish biznes uchun teng sharoit va raqobat muhitini yaratishga xizmat qiladi. Hozirda minglab korxonalarda ijtimoiy soliqning amaldagi 12% lik stavkasi 1 yoki 0% gacha kamaytirilgan.
2025-yilda 65 mingta korxona qariyb 3,2 trln so‘mlik ijtimoiy soliq imtiyozlaridan foydalangan.
Vazirlikning qayd etishicha, imtiyoz natijasida korxonaning xarajati kamayadi, biroq uning xodimi bo‘yicha kelgusidagi pensiya majburiyati saqlanib qoladi. Shu sababli yangi ijtimoiy soliq imtiyozlarini berishni to‘xtatish va mavjudlarini 2030-yildan to‘liq bekor qilish taklif qilinmoqda.
Kelgusida biznesni qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy soliqdan ozod qilish orqali emas, balki davlat budjetidan subsidiyalar ajratish orqali amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Vazirlikka ko‘ra, bu orqali bir xil, masalan, 6 mln so‘m ish haqi oladigan xodimlar qaysi korxonada ishlashidan qat’i nazar, ijtimoiy soliq to‘lash va pensiya huquqini moliyalashtirish bo‘yicha teng sharoitga ega bo‘ladi.
Ijtimoiy soliq tushumlari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Hozirda jamg‘arma daromadlari pensiya to‘lovlari xarajatlarini to‘liq qoplamayotgani sababli davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘ ajratilmoqda.
Vazirlik ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlarning bekor qilinishi Pensiya jamg‘armasiga tushumlarni oshirishi va davlat budjetiga tushadigan yuklamani kamaytirishi kutilayotganini ma’lum qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ