O‘zbekiston avgustda 16,1 ming tonna benzin import qildi
Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 210 ming tonnaga ko‘p
Фото: РИА
O‘zbekiston 2026-yil avgust oyida xorijdan 16,1 ming tonna benzin import qildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlari ma’lum qildi.
Benzin importi yil boshidan buyon keskin kamayib bormoqda. Yanvar oyida 125,9 ming tonna, fevralda 153,3 ming tonna, martda 149 ming tonna va aprelda 140,5 ming tonna benzin xarid qilingan.
May oyida import hajmi 72 ming tonnagacha, iyunda 50,7 ming tonnagacha, iyulda 27,2 ming tonnagacha, avgustda esa 16,1 ming tonnagacha qisqargan.
Shu bilan birga, 2026-yil yanvar–avgust oylarida O‘zbekiston jami $437,4 mln qiymatidagi 721,45 ming tonna benzin import qilgan. 2025-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich $294,3 mln qiymatidagi 511 ming tonnani tashkil etgan.
Shunday qilib, joriy yilning sakkiz oyida mamlakat o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 210 ming tonna ko‘proq benzin sotib olgan.
Import qilingan benzinning o‘rtacha narxi ham oshgan. 2025-yil yanvar–avgust oylarida bir tonna benzin o‘rtacha $575,9 dan import qilingan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich $606,2 gacha yetgan.
Propan importi 2,4 baravarga oshdi
2026-yil yanvar–avgust oylarida O‘zbekiston $124,3 mln qiymatidagi 209,62 ming tonna suyultirilgan gaz — propan import qilgan.
Bu 2025-yilning mos davridagi $35,7 mln qiymatidagi 87,73 ming tonnaga nisbatan hajm jihatidan 2,4 baravar ko‘p.
Propan importining oylar kesimidagi hajmi yanvarda 25,7 ming tonna, fevralda 28,7 ming tonna, martda 30,1 ming tonna, aprelda 23 ming tonna, mayda 21,9 ming tonna, iyunda 26,6 ming tonna, iyulda 27,2 ming tonna va avgustda 26,2 ming tonnani tashkil etgan.
Joriy yilning dastlabki sakkiz oyida bir tonna propanning o‘rtacha import narxi $593 ga teng bo‘lgan. 2025-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich $407 ni tashkil etgan. Shu tariqa, propanning o‘rtacha import narxi bir yil ichida qariyb 45,7 foizga oshgan.
Taqqoslash uchun, 2024-yil davomida O‘zbekiston 119,4 ming tonna, 2025-yilda esa 163,6 ming tonna suyultirilgan gaz import qilgan. 2026-yilning sakkiz oyidagi hajm ushbu ikki yilning yillik ko‘rsatkichlaridan ham yuqori bo‘lgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ