O‘zbekistonda pedagoglar farzandlariga OTM kontrakti uchun 30% chegirma beriladi
Imtiyoz 2026/27-o‘quv yilidan boshlab davlat OTMlarining kunduzgi bakalavriatida tahsil olayotgan pedagoglar farzandlariga qo‘llanadi
Foto: Kapital.uz
O‘zbekistonda pedagoglarning davlat oliy taʼlim tashkilotlarida o‘qiyotgan farzandlari uchun to‘lov-kontrakt summasiga 30% chegirma beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Hukumat qarori bilan pedagoglarning davlat oliy taʼlim tashkilotlariga o‘qishga kirgan hamda tahsil olayotgan farzandlarining to‘lov-kontrakt summasiga chegirma berish tartibi tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, 2026/27-o‘quv yilidan boshlab har yili davlat OTMga o‘qishga kirgan hamda tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlari uchun to‘lov-kontrakt summasiga 30% chegirma qo‘llanadi.
Chegirma davlat oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat bosqichida kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan pedagoglar farzandlariga tatbiq etiladi.
Chegirma quyidagilarga nisbatan qo‘llanmaydi:
- oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotganlarga;
- O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallarida tahsil olayotganlarga;
- qo‘shimcha va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotganlarga;
- xorijiy hamkor OTMning qo‘shma taʼlim dasturlari asosida va fakultetlarida tahsil olayotganlarga;
- nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotganlarga.
Agar pedagogning bir nechta farzandi davlat OTMda to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan bo‘lsa, chegirma har bir farzand uchun alohida qo‘llanadi.
To‘lov-kontrakt shartnomasini olish uchun kontrakt.edu.uz tizimi orqali ariza yuboriladi. Ariza beruvchining pedagog farzandi ekani “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tasdiqlansa, chegirma avtomatik ravishda qo‘llaniladi.
Arizalar masʼul tashkilot tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Mazkur chegirma o‘quv yili uchun bir marotaba qo‘llanadi.
Agar pedagog farzandining otasi yoki onasi pedagog toifasidan chiqarilsa, unga chegirma qo‘llash keyingi o‘quv yilidan boshlab to‘xtatiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ