IT Park sentabr oyining 15 kunida 105 ta kompaniyani reyestrdan chiqardi
Yil boshidan buyon reyestrdan chiqarilgan kompaniyalarning eng ko‘pi Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yil sentabr oyining birinchi yarmida IT Park ishtirokchilari reyestridan 105 ta kompaniya chiqarildi. Ular belgilangan talablarga rioya qilmagani sababli reyestrdan chiqarilgan. Bu haqda IT Park Uzbekistan xabar berdi.
Yil boshidan buyon reyestrdan chiqarilgan kompaniyalarning eng ko‘pi Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan — 433 ta. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati (77 ta), Samarqand viloyati (68 ta), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (60 ta), Farg‘ona viloyati (56 ta) va Xorazm viloyati (38 ta) qayd etilgan.
Shuningdek, Sirdaryo viloyatida 36 ta, Surxondaryoda 33 ta, Namanganda 29 ta, Qashqadaryoda 25 ta, Navoiyda 24 ta, Jizzaxda 22 ta, Andijon va Buxoro viloyatlarida esa 21 tadan kompaniya reyestrdan chiqarilgan.
IT Park ishtirokchilari qonunchilikda belgilangan imtiyoz va preferensiyalardan foydalanishi, shuningdek, biznesni rivojlantirish va xalqaro bozorlarga chiqishga qaratilgan qo‘llab-quvvatlash dasturlarida qatnashishi mumkin.
Biroq ushbu maqomni saqlab qolish uchun kompaniyalar belgilangan talablarga rioya qilishi kerak.
Asosiy talablar 2019-yil 15-iyuldagi Vazirlar Mahkamasining 589-son qarori hamda kompaniyaning IT Park bilan tuzgan kelishuvida belgilangan.
Jumladan, ishtirokchilar tasdiqlangan faoliyat yo‘nalishlari va biznes-reja doirasida ishlashi, faoliyat natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etishi, har yili auditdan o‘tishi va IT Park bilan tuzilgan kelishuv shartlariga rioya qilishi lozim.
Mazkur talablarni bajarish kompaniyaning IT Park ishtirokchisi maqomini saqlab qolishi hamda rezidentlar uchun nazarda tutilgan imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash choralaridan foydalanishda davom etishi uchun zarur.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ