Yosh tadbirkorlarga internet tarmoqlarini qurish uchun 530 mln so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi

Mamlakatda provayderlarga litsenziya berish tartibi soddalashtiriladi va turar joy quruvchilar uchun yangi talablar joriy etiladi

Yosh tadbirkorlarga internet tarmoqlarini qurish uchun 530 mln so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi

Telekommunikatsiya sohasini rivojlantirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha qator yangi tashabbuslar ilgari surildi. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda aholi yashash maskanlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 41 foizdan 98 foizga yetgan, internet tarmoqlarining umumiy o‘tkazish quvvati esa 65 barobarga oshgan.

Shu bilan birga, mahalliy tadbirkorlar uchun telekommunikatsiya xizmatlari bozorining jozibadorligi hali ham pastligi, ayniqsa olis hududlarda simli internetdan foydalanuvchilar ulushi yetarli emasligi ta’kidlandi.

Biznes uchun sharoitlarni yaxshilash maqsadida telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalash va qurish bo‘yicha amaldagi ikkita litsenziya turini bittaga birlashtirish, litsenziya berish muddatini 25 ish kunidan 10 ish kunigacha qisqartirish taklif etildi.

Shuningdek, yangi quriladigan ko‘p qavatli uylarni yuqori tezlikdagi internetga ulash imkonini beruvchi optik tolali infratuzilma bilan loyihalash talabi joriy qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu kelgusida aholining sifatli raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.

Yig‘ilishda telekommunikatsiya sohasida faoliyat boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida ularga 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga, yillik 15% stavkada 530 mln so‘mgacha kredit ajratish taklif qilindi. Bundan tashqari, olis va chekka hududlarda ishlaydigan tadbirkorlar uchun alohida imtiyozli tarif rejalari ishlab chiqiladi.

Prezident mazkur tashabbuslarni ma’qullab, davlat axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish, raqamli xizmatlar sifatini oshirish, kiberxavfsizlik va shaxsiy ma’lumotlar himoyasini kuchaytirish hamda telekommunikatsiya sohasida xususiy sektor uchun yanada qulay sharoit yaratish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“Tashabbusli budjet”ning ikkinchi mavsumiga start berildi
/
“Tashabbusli budjet”ning ikkinchi mavsumiga start berildi
O‘zbekistonda 2030-yilgacha AT-xizmatlar eksportini $5 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda
/
O‘zbekistonda 2030-yilgacha AT-xizmatlar eksportini $5 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda
“O‘zIQMK” obligatsiyalari bilan 65,5 mlrd so‘mlik REPO bitimlari amalga oshirildi
/
“O‘zIQMK” obligatsiyalari bilan 65,5 mlrd so‘mlik REPO bitimlari amalga oshirildi