O‘zbekistonda 5% lik umumiy inflyatsiya darajasi erishish 2027-yilga qoldirildi
Bunga energiya tariflarining oshirilishi va ularning ikkilamchi ta’siri inflyatsiyaning yuqori bo‘lishiga sabab sifatida keltirilgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan 2026-yil hamda 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari konseptual loyihasida O‘zbekiston iqtisodiyotidagi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognoz qilindi.
2025-yil boshidan kuzatilayotgan yuqori iqtisodiy faollik yil oxirigacha saqlanib, YaIM o‘sish sur’ati 7–7,5% atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu o‘sish, asosan, xususiy va davlat sektorlaridagi investitsiyalar hamda iste’molning ortishi hisobiga ta’minlanmoqda.
Uy xo‘jaliklari iste’moli 2025-yilda 7–7,5% bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Kelgusi yillarda esa pul o‘tkazmalari hajmining barqarorlashuvi va iste’mol kreditlashning me’yorga tushishi natijasida xususiy iste’mol o‘sishi 5,5–6,5% darajasida shakllanishi kutilmoqda.
Davlat xarajatlari oshadi, lekin taqchillik me’yorda qoladi
2025-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet bo‘yicha fiskal taqchillik YaIMga nisbatan 3% atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Biroq, daromadlar rejalashtirilganidan yuqori tushayotgani sababli, davlat xarajatlari ham oshmoqda. Bu ichki iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlasa-da, inflyatsion bosimning saqlanib qolishiga ham ta’sir qilmoqda.
Davlat sektori iste’moli 2025-yilda 2–3% ga oshadi, kelgusi yillarda ham shunday darajada qoladi.
Kreditlashning tezlashuvi, aholining real daromadlarining o‘sishi va yuqori byudjet xarajatlari investitsion faollikni oshirmoqda.
Energiya tariflarining oshirilishi va ularning ikkilamchi ta’siri inflyatsiyaning yuqori bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada, inflyatsiyani 5% lik maqsad darajasiga tushirish muddati 2027-yilgacha kechiktirilishi mumkin.
Inflyatsiya prognozlari:
- 2025-yil yakunida umumiy inflyatsiya — 8% atrofida;
- bazaviy inflyatsiya — 7%;
- 2026-yilda bazaviy inflyatsiya 5,5–6,5% gacha pasayadi;
- 2027–2028-yillarda esa 5% darajasida barqarorlashadi.
Markaziy bankning asosiy ssenariysiga ko‘ra, umumiy inflyatsiya 2026-yil oxiriga borib 7%ga, 2027-yilda esa 5% lik maqsadli ko‘rsatkichga tushadi va 2028-yildan boshlab shu darajada barqaror shakllanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ