IFC O‘zbekiston va Qirg‘iziston kichik bizneslar uchun $10 mln ajratadi

Mablag‘lar yangi ish o‘rinlari yaratish, xususiy sektor o‘sishini qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi

IFC O‘zbekiston va Qirg‘iziston kichik bizneslar uchun $10 mln ajratadi

Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi kichik va o‘rta biznes subyektlarini moliyalashtirishni kengaytirish maqsadida Highland Central Asia Fund II fondiga $10 mlngacha investitsiya kiritadi. Ushbu mablag‘lar yangi ish o‘rinlari yaratish, xususiy sektor o‘sishini qo‘llab-quvvatlash hamda mintaqada xususiy investitsiyalar bozorini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ayni paytda Highland Central Asia Fund II O‘zbekiston va Qirg‘izistonda faoliyat yuritayotgan yagona institutsional xususiy investitsiya fondi hisoblanadi. Fondning maqsadli hajmi $75 mlnni tashkil etadi.

Ushbu mablag‘lar sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, chakana savdo, logistika, oziq-ovqat ishlab chiqarish, ko‘chmas mulk va mehmonxona biznesi sohalarida faoliyat yurituvchi 10–15 ta kompaniyani qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Fondning asosiy maqsadi korxonalar samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirishdan iborat.

So‘nggi besh yil davomida har ikki mamlakatda to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hajmi cheklanganligicha qolmoqda. Highland Capital kompaniyasining birinchi fondi — Highland Private Equity and Mezzanine Fund — 2018-yilda IFCning $8 mlnlik ishtirokida Qirg‘izistonda tashkil etilgan edi. Fond 12 ta kompaniyaga jami $21 mln investitsiya kiritib, 900 dan ortiq ish o‘rni yaratilishiga hissa qo‘shgan.

Highland Capital hammuassisi Eldan Usubakunovning ta’kidlashicha, kompaniya O‘zbekiston va Qirg‘iziston kichik va o‘rta biznes segmentida investitsion faoliyatni rivojlantirmoqda.

O‘zbekiston bozoriga kirish biz uchun muhim bosqich bo‘ldi. Bu strategik kengayish Markaziy Osiyodagi ishtirokimizni mustahkamlash, xususiy investitsiyalar ekotizimini rivojlantirish hamda har ikki mamlakat iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashish imkonini beradi, — dedi u.

IFCning asosiy investor sifatidagi ishtiroki Highland Central Asia Fund II fondiga birinchi bosqich moliyalashtirishni yakunlash va boshqa investorlar, jumladan rivojlanish moliyalashtirish institutlaridan qo‘shimcha mablag‘ jalb qilish uchun zamin yaratdi.

IFCning aksiyadorlik investitsiyalari, fondlar va venchur kapital yo‘nalishi bo‘yicha global direktori Farid Fezuaning qayd etishicha, loyiha Markaziy Osiyoda kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishdagi bo‘shliqni qisqartirishga xizmat qiladi.

IFC fondning tayanch investori sifatida xususiy investitsiyalar ekotizimini shakllantirish, yangi investorlarni jalb qilish va mintaqada ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashmoqda, — dedi u.

Bundan tashqari, IFC Highland Capital’ga fondni samarali boshqarish, portfel kompaniyalar qiymatini oshirish va investitsiyalardan chiqish strategiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ham taqdim etadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Fitch O‘zbekistondagi yettita davlat banki reytingi bo‘yicha prognozni yaxshiladi
/
Fitch O‘zbekistondagi yettita davlat banki reytingi bo‘yicha prognozni yaxshiladi
O‘zbekiston Rossiyadan gaz importini 11 mlrd kub metrgacha oshiradi
/
O‘zbekiston Rossiyadan gaz importini 11 mlrd kub metrgacha oshiradi
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun o‘sdi
/
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun o‘sdi