HET rahbari: O‘zbekiston energetika infratuzilmasi “noldan” qayta quriladi

Energiya resurslarini qazib olishdan tortib, yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan barcha bosqichlarda nazorat kuchaytiriladi

HET rahbari: O‘zbekiston energetika infratuzilmasi “noldan” qayta quriladi

O‘zbekistonda energetika sohasini tubdan isloh qilish va elektr ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf etish maqsadida infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi videoselektor yig‘ilishi yakunlariga bag‘ishlangan “O‘zbekiston 24” telekanali reportajida ma’lum qilindi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi boshqaruvi raisi Sardor Isaqulov mamlakatdagi energiya ta’minoti sifati bugungi kunda qoniqarsiz ekanini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tarmoq rahbariyati oldiga elektr ta’minotidagi uzilishlarning oldini olish uchun butun tizimni “noldan” isloh qilish va qayta tashkil etish vazifasi qo‘yilgan. Shu maqsadda har bir xonadonga barqaror elektr yetkazib berishni ta’minlaydigan maxsus dastur ishlab chiqilmoqda.

Yig‘ilishda transformatorlarni haqiqiy yuklamalarni hisobga olmasdan va elektr uzatish tarmoqlaridan uzoqda joylashtirish amaliyoti tanqid qilindi. Endilikda har bir hududga mas’ullar biriktiriladi, qarzdorlik yuqori va elektr uzilishlari ko‘p kuzatiladigan tumanlarda esa Energetika vazirligi tizimidagi rahbarlar har bir transformator va gaz taqsimlash punktining ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.

Qish mavsumi boshlanguniga qadar asosiy e’tibor avariyalar sabablarini bartaraf etish va elektr tarmoqlarining ishonchliligini oshirishga qaratiladi.

Gaz ta’minoti tizimida ham o‘zgarishlar rejalashtirilmoqda. “Hududgazta’minot” kompaniyasi rahbari Marufxon Xodjayev suyultirilgan gaz yetkazib berishga xususiy biznesni jalb etish bo‘yicha tajriba loyihasi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.

Ustuvor vazifalar qatoriga yoqilg‘i hisobidagi tafovutlarni kamaytirish, debitor qarzdorlikni qisqartirish, jarayonlarni raqamlashtirish hamda qish mavsumigacha eskirgan uskunalarni almashtirish kiritilgan.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” boshqaruvi raisi Abdumalik Nazirov kompaniya oldiga magistral elektr uzatish tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish va avariyalar sonini keskin qisqartirish vazifasi qo‘yilganini bildirdi. Endilikda elektr tarmoqlarini rivojlantirish hududlardagi real iste’mol o‘sishidan kelib chiqib rejalashtiriladi.

Shuningdek, xodimlar faoliyatini baholash uchun 10 ta asosiy samaradorlik ko‘rsatkichi (KPI) joriy etiladi.

“O‘zenergoinspeksiya” direktori Axadxon Isoqjonov esa energiya resurslarini qazib olish va ishlab chiqarishdan boshlab, ularni yakuniy iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda nazorat kuchaytirilishini ma’lum qildi. Idora noqonuniy energiya iste’moliga qarshi kurashish, uskunalarning qishga tayyorgarligini tekshirish va yangi texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratadi.

Inspeksiya inson omilini kamaytirish, resurslar hisobini aniq yuritish va tadbirkorlik uchun ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish maqsadida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishni rejalashtirmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi
O‘zbekiston va Afg‘oniston yuk tashuvchilar uchun soliqlarni o‘zaro kamaytirishni rejalashtirmoqda
/
O‘zbekiston va Afg‘oniston yuk tashuvchilar uchun soliqlarni o‘zaro kamaytirishni rejalashtirmoqda
Shveysariya sudi “Lombard Odier”ni Gulnora Karimova ishi bo‘yicha $3,68 mlnlik jarimaga tortdi
/
Shveysariya sudi “Lombard Odier”ni Gulnora Karimova ishi bo‘yicha $3,68 mlnlik jarimaga tortdi