Hamkorbankning 0,004% lik aksiyalari birjada sotuvga qo‘yildi
Qariyb 5 mln dona aksiya 20-maydan boshlab investorlarga taklif etiladi
Фото: Kapital.uz
Hamkorbankning ustav kapitalidagi davlatga tegishli ulushi ochiq birja savdolariga chiqarildi. Bu haqda “Toshkent” Respublika fond birjasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sotuvga bank ustav kapitalining 0,004% iga teng bo‘lgan 4,92 mln dona oddiy aksiya qo‘yilgan. Ushbu jarayon 2025-yil 21-apreldagi prezident farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Bir dona aksiya uchun boshlang‘ich narx 56,51 so‘m etib belgilangan. Shundan kelib chiqib, lotning umumiy boshlang‘ich qiymati 278,52 mln so‘mni tashkil etadi.
Savdolar “Toshkent” fond birjasi platformasida o‘tkaziladi. Arizalar qabuli va aksiyalarni realizatsiya qilish jarayoni 2026-yil 20-maydan boshlanadi.
Investorlar takliflarini litsenziyaga ega investitsiya vositachilari orqali taqdim etishlari mumkin. Auksionda eng yuqori narxni taklif etgan ishtirokchi g‘olib deb topiladi. Savdolarda mahalliy va xorijiy investorlar ishtirok etishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ