O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilishi mumkin
Hozirda diplomatik va xizmat pasporti egalari 14 kungacha vizasiz kirishi mumkin
Фото: Baxtiyor Saidov / Telegram
O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida oʻzaro vizasiz rejimni oʻrnatish rejalashtirilmoqda. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.
3-iyun kuni vazir Toshkentda Gonkong maxsus ma’muriy hududi administratsiyasi rahbari Jon Li Kachchiu bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida investitsiyalar, moliya, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, transport va logistika sohalaridagi istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilingan.
Gonkong rahbarining yurtimizga tashrifi Oʻzbekiston–Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda mamlakatimiz bilan Gonkong oʻrtasidagi aloqalarni yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qilishini qayd etdik, dedi Baxtiyor Saidov.
Uchrashuv davomida oʻzaro vizasiz rejimni oʻrnatish toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimni tuzish niyati boʻyicha verbal notalar almashilgan. TIV rahabarining qayd etishicha, mazkur qadam fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratib, oʻzaro almashinuvlarni faollashtirishga xizmat qiladi.
Gongkong maxsus ma’muriy hududi administratsiyasi xabar berishicha, kelishuv orqalib O‘zbekiston pasporti egalari Gonkongga 30 kungacha vizasiz kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Gonkong maxsus ma’muriy hududi pasporti egalari uchun O‘zbekistonda vizasiz bo‘lish muddati amaldagi 10 kundan 30 kungacha uzaytiriladi.
Hozirgi tartibga ko‘ra, O‘zbekistonning diplomatik va xizmat pasporti egalari Gonkongga 14 kungacha vizasiz kirishi mumkin, oddiy pasport egalari esa viza rasmiylashtirishi talab etiladi. Yangi kelishuv ushbu cheklovlarni bekor qilib, barcha pasport toifalari uchun soddalashtirilgan tartibni joriy etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ