Ayrim tadbirkorlarga garovsiz mikrokredit limiti 200 mln so‘mgacha oshirilishi taklif qilindi
Shuningdek, kredit yoki lizing summasining 5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan qismi bo‘yicha foiz xarajatlarini kompensatsiya qilinishi mumkin
Shavkat Mirziyoyev kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish hamda moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda qayd etilishicha, bugungi kunda kichik va o‘rta biznesga ajratilgan kreditlar portfeli 218 trln so‘mni tashkil etadi. Bu yalpi ichki mahsulotning 12% iga teng. Shu bilan birga, tadbirkorlar uchun onlayn tarzda garovsiz mikrokredit olish jarayoni hali ham murakkab va uzoq davom etayotgani ta’kidlandi.
Xususan, ta’minotsiz onlayn mikrokredit ajratish o‘rtacha 7 kungacha vaqt olayotgani, tadbirkorlar esa bir nechta bank takliflarini bir joyda ko‘rib, o‘ziga qulay shartlarni tanlash imkoniga ega emasligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan tadbirkorlar uchun yagona raqamli moliyaviy platformani ishga tushirish taklif qilindi. U orqali biznes egalari kredit olish uchun ariza yuboradi, bir nechta banklardan tijorat takliflarini oladi va ularni solishtirib, o‘ziga maqbul variantni tanlaydi.
Ma’lum qilinishicha, platforma “Elektron hukumat” tizimidagi ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi. Natijada kichik va o‘rta biznes subyektlariga oid ma’lumotlar avtomatik shaklda banklarga taqdim etilib, ortiqcha hujjat yig‘ish va inson omili kamaytiriladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-dekabrdan platforma doirasida sun’iy intellekt asosidagi muqobil skoring tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. An’anaviy kredit baholash tizimi asosan kredit tarixiga tayansa, yangi model biznes faolligi, kommunal to‘lovlar, aylanmalar, soliq va boshqa raqamli ma’lumotlarni ham hisobga oladi. Bu esa kredit tarixi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlarga ham moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkonini yaratishi aytildi.
Taqdimotda tijorat banklari tomonidan “AI maslahatchisi” dasturini ishga tushirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Mazkur tizim mahallalar ixtisoslashuvi va hududlarning o‘sish nuqtalaridan kelib chiqib biznes g‘oyalarini shakllantirish hamda ularni moliyalashtirish imkoniyatlarini aniqlashga yordam beradi.
Bundan tashqari, ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlar uchun garovsiz mikrokredit limiti 100 mln so‘mdan 200 mln so‘mgacha oshirilishi taklif qilindi. Kredit yoki lizing miqdoridan qat’i nazar, uning 5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan qismi uchun foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish ham rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, har yili faoliyatini kengaytirgan va yuqori natija ko‘rsatgan 100 ta tadbirkorlik subyektiga raqamlashtirish, xalqaro standartlar va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 300 mln so‘mgacha grant ajratish taklif etildi.
Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, kredit tarixiga ega bo‘lmagan tadbirkorlarning moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda platforma xavfsizligini ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ