Fitch O‘zbekistondagi yettita davlat banki reytingi bo‘yicha prognozni yaxshiladi
Shuningdek, Aloqabank va Turonbankni xususiylashtirish jarayoni kamida 2027-yilgacha cho‘zilishi mumkin
Фото: Kapital.uz
8-iyun kuni Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning yettita davlat banki bo‘yicha xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli defolt reytinglari prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga ko‘tardi.
Agentlik O‘zmilliybank, Agrobank, Xalq banki, Biznesni rivojlantirish banki, Aloqabank hamda Mikrokreditbankning uzoq muddatli kredit reytinglari va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish darajasini mos ravishda “BB” va “bb” darajasida tasdiqladi. Turonbankning reytinglari esa “BB-” va “bb-” darajasida saqlab qolindi.
Fitch prognozlarning yaxshilanishini O‘zbekistonning suveren reytingi bo‘yicha prognoz qayta ko‘rib chiqilgani bilan bog‘ladi. Agentlik fikricha, bu hukumatning davlat ulushi mavjud banklarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Hisobotda qayd etilishicha, hukumat 2030-yil oxirigacha ayrim davlat banklaridagi nazorat paketlarini xorijiy strategik investorlarga sotishni rejalashtirayotgan bo‘lsa-da, Fitch hozircha Aloqabank va Turonbankni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan moliyaviy institutlar sifatida baholashda davom etmoqda.
Agentlik yirik davlat banklari xususiylashtirilmaguncha ushbu banklarning sotilishi ehtimoli pastligini ta’kidlagan. Fitch bahosiga ko‘ra, Aloqabank va Turonbankning xususiylashtirilishi 2027-yildan oldin amalga oshishi kutilmayapti.
Shuningdek, banklarni muvaffaqiyatli xususiylashtirish uchun ularning biznes modellari sezilarli darajada transformatsiya qilinishi talab etiladi. Bu jarayon esa kamida bir necha yil davom etishi mumkin.
Fitch alohida ravishda Aloqabankning 2025-yilda taraqqiyot banki sifatidagi yangi maqomi tasdiqlangani uning xususiylashtirilish istiqbollarini yanada murakkablashtirganini qayd etdi. Agentlik fikricha, natijada bankni xususiylashtirish rejalari butunlay bekor qilinishi ham mumkin.
Reyting agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Aloqabank va Turonbank davlatning majoritar ulushida qolayotgan ekan, ularga davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash saqlanib qoladi.
Reyting pasayishiga nimalar sabab bo‘lishi mumkin?
Fitch banklar reytingi O‘zbekistonning suveren reytingi yomonlashsa yoki davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash darajasi pasaysa, qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini bildirdi.
Bundan tashqari, banklarning davlat siyosatidagi ahamiyati kamayishi, qo‘llab-quvvatlashning kechikishi yoki yetarli bo‘lmasligi, shuningdek, aktivlar sifati bilan bog‘liq muammolarning kuchayishi ham salbiy omillar qatorida qayd etilgan.
Agentlik Aloqabank va Turonbankni xususiylashtirish jarayonining tezlashishi ularning davlat bilan aloqalarini zaiflashtirishi va reytinglarning pasayishiga olib kelishi mumkinligini ham ta’kidladi.
Fitch ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning suveren reytingi yaxshilanishda davom etsa va hukumatning banklarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi yuqori darajada saqlanib qolsa, davlat banklari reytinglari ham oshirilishi mumkin.
Mikrokreditbank uchun esa qo‘shimcha ijobiy omil sifatida davlat tomonidan uzoq muddatli kapital qo‘llab-quvvatlovi ta’minlanishi hamda aktivlar sifati bilan bog‘liq mavjud muammolarning bartaraf etilishi ko‘rsatilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ