Farg‘ona xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi va yuk terminallarini barpo etilishi rejalashtirilmoqda
Xususan, yo‘lovchi terminali 20 ming kvadrat metr bo‘lib, 1,2 ming nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida Farg‘ona xalqaro aeroportini rivojlantirish konsepsiyasi taqdimoti bilan tanishdi.
Bugungi kunda Farg‘ona aeroportidagi terminal o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning o‘tkazuvchanlik quvvati, yo‘lovchilarga qulaylik darajasi, shuningdek aviatsiya va noaviatsiya xizmatlarini rivojlantirish imkoniyatlari zamonaviy talablarga to‘liq javob bermay qolgan.
Shu bois parvozlar geografiyasini kengaytirish, hududning o‘sib borayotgan iqtisodiy faolligi va sayyohlar oqimiga mos ravishda xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida aeroport infratuzilmasini kompleks rivojlantirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda uchish-qo‘nish yo‘lagini uzaytirish va kengaytirish, aerodrom infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yangi yo‘lovchi va yuk terminallarini barpo etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Maydoni 20 ming kvadrat metr bo‘lishi kutilayotgan yangi yo‘lovchi terminali hozirgi imkoniyatlarga nisbatan ikki barobar ko‘p — 1,2 ming nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, qo‘shimcha samolyot turargohlari barpo etilib, havo kemalarini saqlash imkoniyati 10 tagacha yetkaziladi.
Yangi terminalda keng kutish zallari, zamonaviy servis nuqtalari, qulay ro‘yxatdan o‘tish va nazorat tizimlari, shuningdek, yuqori martabali mehmonlar uchun alohida xizmat ko‘rsatish sharoitlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbari aeroport har qanday hududning “darvozasi” ekanini ta’kidlab, bu yerda zamonaviy servisni yo‘lga qo‘yish, transport va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq yondosh tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Loyihalash, qurilish va yangi terminalni keyinchalik boshqarishni xalqaro standartlar asosida, tegishli tajribaga ega xorijiy operatorlarni jalb qilgan holda amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, ushbu loyihaning amalga oshirilishi Farg‘ona vodiysida transport bog‘liqligini kuchaytirish, sayyohlar oqimini oshirish va hududning logistik markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu bilan Prezidentning Farg‘ona viloyatiga tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ