O‘zbekistonda chiqarilganiga 30 yildan oshgan mashinalar uchun majburiy kompensatsiya berilmaydi

Avtomobil egalariga baholangan qiymat miqdorida naqd pul to‘lanadi yoki maxsus vaucherlar taqdim etiladi

O‘zbekistonda chiqarilganiga 30 yildan oshgan mashinalar uchun majburiy kompensatsiya berilmaydi

O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq bo‘lgan avtotransport vositalari egalarining har yili BHMning 30 barobari hajmida (12,36 mln so‘m) ekologik kompensatsiya to‘lashi haqidagi band loyihadan butunlay chiqarib tashlanmoqda. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.

O‘zbekistonda ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtomobillarni utilizatsiyalash tizimini joriy etish taklif etilmoqda, bu 2026-yildan yengil avtomobillar, 2030-yildan barcha g‘ildirakli transport vositalari uchun amal qiladi.

Qayd etilishicha, endi “hukumat ma’murchilik va majburlash o‘rniga, aholini iqtisodiy rag‘batlantiruvchi bozor mexanizmlariga e’tibor qaratmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, mamlakatda bir-biridan mustaqil bo‘lgan avtomobillarni baholash hamda qayta ishlash korxonalari tarmog‘i yaratiladi. Eski avtotransport vositalari bozor qiymatida adolatli baholanadi, harakati cheklangan nosoz mashinalarni ham mutaxassislar joyiga chiqqan holda ko‘rikdan o‘tkazadi.

Avtomobil egalariga baholangan qiymat miqdorida naqd pul to‘lanadi yoki maxsus vaucherlar taqdim etiladi. Bunda fuqarolar ushbu vaucherlardan rasmiy dilerlardan yangi avtomobil sotib olishda boshlang‘ich to‘lov sifatida foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Yangi mashina narxidan vaucher qiymati chegirib tashlanib, qolgan summani 2 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatga foizsiz, bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Agarda fuqaro berilgan vaucherdan foydalanmaslikka qaror qilsa, uning qiymatini 1 oy ichida naqd pul shaklida qaytarib olish huquqiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, jarayon asnosida baholovchi va avtomobil utilizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi operatorlarning xizmat ko‘rsatish xarajatlarining bir qismi belgilangan hisob-kitoblar asosida utilizatsiya yig‘imi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Utilizatsiya tartibi — Cobalt misolida

Agentlikning tushuntirishicha, hozirgi amaliyotda rasmiy dilerlardan yangi avtomobil sotib qilish uchun xaridor kamida 30−50% oldindan to‘lov qilishi, qolgan summaning esa 3−5 yil davomida ustama foizlari bilan to‘lanishi talab etiladi. Masalan, bugungi kunda 165 mln so‘mlik Cobalt mashinasini xarid qilish uchun fuqaro dastlab kamida 50 mln so‘m naqd pul topishi kerak. Taklif etilayotgan yangi tizim esa aynan shu muammoni hal qiladi. Masalan, fuqaroning eski “Gaz-24”, “Moskvich” yoki birinchi avlod Nexia rusumli avtomobili bor. Ushbu mashinalarning bugungi bozor bahosi holatiga ko‘ra o‘rtacha 5 mlndan 70 mln so‘mgacha baholanishi mumkin.

Agar fuqaroning eski mashinasi eng minimal qiymatda — 5 mln so‘mga baholangan taqdirda ham, u 165 mlnlik yangi Cobalt uchun boshlang‘ich to‘lov to‘lamaydi va qolgan 160 mln so‘mni 7 yil davomida har oyda 1,9 mln so‘mdan foizsiz to‘lab borish sharti bilan mashina egasiga aylanishi mumkin.

Agar eski avtomobil yaxshiroq saqlangan bo‘lib, 70 mln so‘mga baholansa, yangi Cobalt`ning qolgan qismi uchun 7 yil davomida oylik to‘lov 1,13 million so‘mni tashkil etadi. Mazkur tartib respublikada foydalanilgan, eskirgan yoki nosoz avtomobillardan atrof-muhitga yetishi mumkin bo‘lgan zararlarni kamaytirishga hamda avtotransport parkining tizimli yangilanib borishiga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi qariyb 5 mlnga yaqin avtotransport vositalarining 100 mingtasi nosoz holatda bo‘lib, ular shaharlardagi jami zararli tashlamalarning 63% iga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, bitta eski avtomobil utilizatsiya qilinganda uning vazniga qarab tonnalab metall va plastikdan tashqari 50 kilogrammgacha xavfli qattiq chiqindilar ham ajralib chiqadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda ilk ipoteka obligatsiyalari bo‘yicha birinchi birja bitimi tuzildi
/
O‘zbekistonda ilk ipoteka obligatsiyalari bo‘yicha birinchi birja bitimi tuzildi
2027-yilgacha O‘zbekistonda yuk mashinalari importi uchun bojxona bojlari va utilizatsiya yig‘imini bekor qilinadi
/
2027-yilgacha O‘zbekistonda yuk mashinalari importi uchun bojxona bojlari va utilizatsiya yig‘imini bekor qilinadi
O‘zbekiston davlat budjeti yarim yillikni 1,8 trln so‘mlik profitsit bilan yakunladi
/
O‘zbekiston davlat budjeti yarim yillikni 1,8 trln so‘mlik profitsit bilan yakunladi