O‘zbekistondagi eng namunali vazirliklar nomi e’lon qilindi

Prezident tanlov g‘oliblarini lavozimga oshirish va kadrlar zaxirasiga kiritishni topshirdi

O‘zbekistondagi eng namunali vazirliklar nomi e’lon qilindi

O‘tkazilgan tanlov yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi turli yo‘nalishlar bo‘yicha eng namunali idoralar deb topildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Adliya vazirligi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish yo‘nalishidagi ishlari uchun g‘olib bo‘ldi. Idora 30 ta platforma orqali 380 ta xizmatni raqamlashtirgan, ayni paytda foydalanuvchilar uchun 780 dan ortiq xizmat turi onlayn shaklda mavjud. Mamlakat bo‘ylab 208 ta davlat xizmatlari markazi orqali yagona xizmat ko‘rsatish standartlari yo‘lga qo‘yilgan.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi resurslarni samarali boshqarish yo‘nalishida alohida e’tirof etildi. Mablag‘lar yangi konlarni qidirish va tarmoqni rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda. Geologik-qidiruv ishlarida suv iste’moli 20% ga kamaygan, budjet rejalari esa 2028-yilgacha tasdiqlangan. Tog‘-kon uskunalarini mahalliylashtirish darajasi 84% ga yetgan.

Ichki ishlar vazirligi esa davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyati uchun eng yaxshi deb topildi. Mavjud 60 ta xizmatning 95%i raqamli shaklga o‘tkazilgan. Avval alohida ishlagan 72 ta ma’lumotlar bazasi yagona “Xavfsiz shahar” tizimiga birlashtirilgan. Unga 14 ta boshqaruv markazi va 20 dan ortiq vazirlik ulangan. O‘tgan yili 148 mingdan ortiq ma’muriy ish masofadan turib ko‘rib chiqilgan.

Tadbir doirasida alohida xodimlar ham taqdirlandi. Eng yaxshi rahbar sifatida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi boshqarma boshlig‘i Maqsud Bolibekov e’tirof etildi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i Fazliddin Muminov eng yaxshi ma’muriy xodim, Uzatom agentligi bosh eksperti Shohmirzo Umarov esa eng yaxshi mutaxassis deb topildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha g‘oliblarni bir pog‘onaga lavozim bo‘yicha ko‘tarishni taklif qildi. Davlat rahbari, shuningdek, kelgusi tanlovlarda eng past natija qayd etgan davlat idoralari nomi ham ochiq e’lon qilinishini ta’kidladi. Faoliyati samarasiz deb topilgan tashkilotlarga tegishli xulosalar chiqarish topshirildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda endi “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi har ikki yilda o‘tkazilib, kelgusi bosqichdan unda mahalliy hokimliklar ham ishtirok etadi.

Chunki islohotlar natijasi, avvalo, eng quyi bo‘g‘inda sezilishi kerak. Sodda qilib aytganda, agar tuman yoki shahar darajasida o‘zgarish bo‘lmasa, har qancha urinmaylik, islohotlarimiz kutilgan natijani bermaydi, dedi tadbirda Shavkat Mirziyoyev.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Yangi taraqqiyot bankiga qo‘shilishi haqidagi qonunni imzoladi
/
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Yangi taraqqiyot bankiga qo‘shilishi haqidagi qonunni imzoladi
Qurbon hayiti munosabati bilan “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 690 mlrd so‘m ajratiladi
/
Qurbon hayiti munosabati bilan “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 690 mlrd so‘m ajratiladi
“SpaceX” IPO orqali $80 mlrdgacha mablag‘ jalb qilishi kutilmoqda
/
“SpaceX” IPO orqali $80 mlrdgacha mablag‘ jalb qilishi kutilmoqda