O‘zbekistonda elektronika savdosiga 5% lik yagona boj joriy etiladi
1-iyuldan bond omborlari orqali import uchun yangi bojxona tartibi ishga tushadi
O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyuldan boshlab ikki yillik tajriba loyihasi doirasida bond omborlari orqali import qilinadigan tovarlar uchun yangi bojxona tartibi joriy etiladi. Bu haqda prezident qarorida qayd etilgan.
Yangi tizimga ko‘ra, mahsulotlarni bojxona rasmiylashtiruvi ularni sotishdan keyin amalga oshiriladi. Maxsus deklaratsiya asosida ayrim tovarlar uchun soddalashtirilgan to‘lov mexanizmi qo‘llanadi.
Xususan, smartfonlar, noutbuklar, planshetlar va ayrim maishiy texnika vositalari uchun 5% miqdorida yagona boj to‘lovi belgilanadi. Bu to‘lov mahsulotning sotuv narxidan hisoblanadi va bojxona imtiyozlari qo‘llanilmaydi.
Bundan tashqari, 30 turdagi iste’mol tovarlari uchun 3% miqdorida boj va qo‘shilgan qiymat solig‘i joriy etiladi. Ushbu ro‘yxatga kiyim-kechak, poyabzal, kompyuter aksessuarlari, monitorlar, soatlar, o‘yin pristavkalari va akkumulyatorlar kiradi.
Agar mahsulot sotuv narxi deklaratsiyadagi qiymatdan past bo‘lsa, soliqlar bojxona qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi. Bunday tovarlardan tushgan daromad alohida hisobga olinadi, xaridor to‘lagan QQS esa sotuvchi tomonidan qayta hisobga olinmaydi.
Nazoratni kuchaytirish maqsadida Soliq va Bojxona qo‘mitalariga marketpleyslar bilan birgalikda tovarlar aylanmasini kuzatish topshirildi. Qoidabuzarlik aniqlansa, soliqlar to‘liq hajmda undiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ