Haydovchilar biometrik hujjatlarning asl nusxasini koʻrsatishlari shart — YHXB
1-iyuldan kuchga kirgan elektron hujjatlar haqidagi tartib faqat roʻyxatlash va imtihon olish boʻlimlarida amal qiladi
Foto: namviib.uz
️Ijtimoiy tarmoqlarda 2025-yil 1-iyuldan boshlab haydovchilar yo‘l-patrul xizmati xodimlariga My gov ilovasi yoki ijtimoiy karta orqali hujjatlarni elektron tarzda taqdim etishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. YHXB matbuot xizmat holatga rasmiy izoh berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga koʻra, 2025-yil 1-iyuldan boshlab my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va “Ijtimoiy karta” mobil ilovasidagi 17 turdagi hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli servislari joriy etilishi belgilandi.
Bu raqamli servislarning qogʻoz nusxalari banklarda, notarial idoralarda, aeroportlarda ichki reyslarni roʻyxatdan oʻtkazishda va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan oʻtuvchi poyezdlarga chiqishda, davlat, korporativ va boshqa xizmatlarni koʻrsatish, shu jumladan elektron xizmat koʻrsatishda hamda fuqarolarni qabul qilishda tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qiladigan davlat organlarida talab etilmasligi belgilandi.
Tartib Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining fuqarolarga xizmat koʻrsatuvchi maʼmuriy amaliyot markazi yoki roʻyxatlash va imtihon olish boʻlimlarida amal qiladi.
Biroq, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 135-moddasi toʻrtinchi qismiga koʻra, yoʻl-patrul xizmati inspektorlariga haydovchilar transport vositasini boshqarish davomida biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining asl nusxasini taqdim etishlari shart.
Pasport yoki ID-kartasi mavjud boʻlgan taqdirda, haydovchilik guvohnomasini, transport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi hujjatni, shuningdek, transport vositasiga egalik qilish, egasi yoʻqligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni, sugʻurta polisini, oynalar tusini oʻzgartirish (qoraytirish) uchun tegishli ruxsatnomani oʻzingiz yoningizda olib yurish talab etilmaydi, — deyiladi Yo’l harakati xavfsizlik xizmati xabarida.
Kapital.uz avvalroq O‘zbekistonda parvozlar uchun elektron hujjat bilan ro‘yxatdan o‘tish mumkinligi haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ