O‘zbekistonda elektromobillar soni bir yilda 68% ga oshdi
Mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan elektromobillar soni 109 mingdan oshdi, ularning qariyb to‘rtdan uch qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yil 1-aprel holatiga O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan elektromobillar soni 109,2 mingtaga yetdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.
O‘tgan yilning shu davriga nisbatan elektromobillar soni 44 mingtaga yoki 68% ga ko‘paygan.
Hududlar kesimida eng ko‘p elektromobil Toshkent shahrida qayd etilgan. Poytaxtda 79 851 ta elektromobil ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, bu mamlakatdagi jami elektromobillarning 73% ini tashkil etadi. Bir yil avval Toshkentda 49 736 ta elektromobil mavjud edi.
Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati (8 194 ta), Samarqand viloyati (4 525 ta), Xorazm (3 042 ta), Qashqadaryo (2 611 ta) va Farg‘ona (2 231 ta) viloyatlari joylashgan.
Hisobot davrida elektromobillar soni barcha hududlarda o‘sdi. Eng yuqori o‘sish Samarqand viloyatida kuzatilib, elektromobillar soni 1 739 tadan 4 525 taga yetdi yoki 2,6 barobardan ko‘proqqa oshdi.
Xorazm viloyatida elektromobillar soni 1 415 tadan 3 042 taga (+115%), Sirdaryoda 404 tadan 799 taga (+97,8%), Qashqadaryoda 1 338 tadan 2 611 taga (+95,1%), Navoiy viloyatida esa 901 tadan 1 756 taga (+94,9%) ko‘paygan.
Eng past o‘sish Buxoro viloyatida qayd etilgan. Bu yerda elektromobillar soni 48,7 foizga oshib, 1 133 tadan 1 685 taga yetgan. Surxondaryo viloyatida o‘sish 59,1% ni, Toshkent shahrida esa 60,6% ni tashkil etgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ