O‘zbekistonda elektr energiyasiga talab yiliga 6% ga oshmoqda
“Hududiy elektr tarmoqlari” ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilning 9 oyida 8,5 mln iste’molchi 51,4 mlrd kVt/soat elektr ishlatgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda 2025-yilning 9 oyida 8,5 mln iste’molchi 51,4 mlrd kilovatt soat elektr energiyasidan foydalangan. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Tashkilot vakillarining ma’lum qilishicha, oxirgi uch yilda elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin oshgan. Masalan, 2023-yilda 8,1 mln iste’molchiga 62,8 mlrd kilovatt soat elektr yetkazib berilgan.
“Hududiy elektr tarmoqlari” boshqaruv raisi Asrorjon Askarov jamiyat tasarrufida 264 478 kilometr elektr uzatish tarmoqlari mavjudligini, ularning umumiy quvvati 9 112 megavattni tashkil etishini bilgilar qilgan. U, shuningdek, hisob-kitoblarga ko‘ra mamlakatda elektr energiyasiga talab yiliga 6% ga o‘sib borayotganini aytib o‘tgan. Bu holat ishlab chiqarish quvvatlarini ko‘paytirish bilan birga taqsimlovchi tarmoqlarning modernizatsiya qilinishini ham talab etishi ta’kidlangan.
Uning ta’rificha, 2023–2025-yillar davomida jami 26 748 kilometr elektr uzatish tarmoqlari yangilangan va modernizatsiya qilingan. 2025-yilning yanvar–sentabr oylarida esa 2 846 ta transformator punkti yangilangan. Shuningdek, shu davrda 3,4 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi yo‘qotishlarining kamayishiga erishilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 2,9 mlrd kilovatt soatga ko‘pdir.
Asrorjon Askarov, shuningdek, kuz-qish mavsumida iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun belgilangan barcha ishlar mavsum boshlanishidan oldin, ya’ni 1-oktabrga qadar to‘liq yakunlanganini ma’lum qilgan. Dasturga ko‘ra, yil davomida 10 ming kilometr tarmoqni yangilash rejalashtirilgan bo‘lsa, ishlar yanvar oyida boshlangani sababli bu ko‘rsatkich 12,3 ming kilometrlarga yetgan. Yil oxirigacha yana 1 455 kilometr tarmoq va 703 ta transformator punktini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgani ham qayd etilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ