Eksport tushumini ta’minlash muddati 365 kungacha uzaytiriladi
Savdo uylari va distribyutorlar orqali eksport qiluvchi tadbirkorlarga valyuta tushumini ta’minlash uchun qo‘shimcha 185 kun beriladi
Фото: ТАСС
O‘zbekistonda tashqi bozorlarga chiqayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va eksport jarayonlarini yengillashtirish maqsadida savdo uylari va distribyutorlar orqali amalga oshiriladigan eksportda valyuta tushumini taʼminlash muddati 180 kundan 365 kunga uzaytiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Xorazmda o‘tkazilayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.
Bugun dunyoda bozor uchun kurash kun sayin kuchayib boryapti. Bunday vaziyatda xorijga chiqqan tadbirkor hech qachon o‘zini yolg‘iz his qilmasligi kerak, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda elchilarga qayerda yangi imkoniyat va bozor bo‘lsa, tadbirkorlarni birinchi bo‘lib “qo‘lidan ushlab” olib borish vazifasi qo‘yildi.
Xususan, eksportning 60%i to‘g‘ri kelayotgan 20 ta davlat va istiqboli yuqori yana 5 ta davlatda “eksport elchilari” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ularni o‘sha bozorga eng ko‘p eksport qilayotgan tadbirkorlarning o‘zi saylaydi. “Eksport elchilari” savdo tarmoqlari, sertifikat va marketing masalalarida boshqa tadbirkorlarga ko‘maklashadi, ularning borish-kelish va yashash xarajatlari qoplab beriladi.
Shuningdek, eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik muammosini hal qilish bo‘yicha ham muhim yengilliklar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, yil yakunigacha qarzni qoplash uchun bank hisobraqamiga valyuta qo‘yilsa, u eksport tushumi sifatida qabul qilinadi. Tovar uchun to‘lov kelmagan bo‘lsa ham eksportga cheklov bekor qilinadi va invoysda 50% oldindan tushum talabi olib tashlanadi. Shuningdek, savdo uylari va distribyutorlar orqali eksportda valyuta tushumini taʼminlash muddati 180 kundan 365 kunga uzaytiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ