O‘zbekistonda bozorlar uchun “E-bozor” yagona raqamli platformasi ishga tushiriladi
Tizim 2027-yil martgacha to‘liq ishga tushiriladi, bozorlar va avtoturargohlarda yagona QR to‘lov tizimi joriy etiladi
Hukumatning “Bozorlar va savdo komplekslarida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish hamda maishiy korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, “E-bozor” yagona raqamli platformasi 2026-yil 1-oktabrgacha sinov tariqasida, 2027-yil 1-martgacha esa to‘liq ishga tushiriladi.
Platformada bozorlar va savdo komplekslari haqidagi ma’lumotlar ochiq joylashtirib boriladi. Jumladan, ularning pasporti, manzili, bo‘sh savdo shoxobchalari va savdo o‘rinlari haqida ma’lumot olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, fuqarolar platforma orqali bozorlar faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan tanishishi, bozor ma’muriyatiga elektron murojaat yuborishi va javob olishi mumkin bo‘ladi.
“E-bozor” platformasi “Soliq” axborot tizimlari kompleksi tarkibida ishga tushiriladi. Har bir bozor va savdo kompleksiga soliq xodimlari biriktiriladi hamda ularning faoliyati samaradorligi har kuni tahlil qilib boriladi.
Bundan tashqari, bozorlar hududi va ularga tutash avtoturargohlarda to‘lovlarni yagona QR kod orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
Qarorga muvofiq, bozor va savdo komplekslarida yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, ijara munosabatlarini shaffoflashtirish hamda savdo jarayonlarini raqamlashtirish asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilangan.
1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida yagona QR kodli to‘lov tizimi — UzQR orqali to‘lovlarni qabul qilish tartibi kuchga kirgan.
U orqali tadbirkorlar statik va dinamik QR stikerlarni masofadan ro‘yxatdan o‘tkazishi, har bir savdo nuqtasi uchun alohida QR kodlarni boshqarishi, ularni bloklashi yoki qayta faollashtirishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ