Italiyalik arxitektor Toshkentda “Dynamic Towers” qurilishi mumkinligi haqida aytdi
Loyiha xarajatlarning 85% gacha qismi Italiya eksport krediti orqali moliyalashtirilishi rejalashtirilgan
Foto: Dynamic Architecture
“Dynamic Towers” — dinamik osmono‘par binolar konsepsiyasini taqdim etgan Devid Fisher bunday loyihani Toshkentda amalga oshirishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday binolarni qurish osonroq, arzonroq va tezroq, chunki barcha qavatlar unifikatsiya qilingan va zavodda yig‘iladi. Bu yuqori sifat, energiya samaradorligi va minimal foydalanish xarajatlarini ta’minlaydi.
Dinamik binolarga ega noodatiy loyiha tez orada Amerikaning yirik shaharlaridan birida amalga oshiriladi va bir vaqtning o‘zida bunday loyiha O‘zbekistonda ham boshlanish ehtimoli mavjud. Loyiha xarajatlarning 85% igacha qoplanadigan Italiya eksport krediti orqali moliyalashtirilishi rejalashtirilgan.
Hech kim hatto arxitektura uchun ham ortiqcha pul to‘lashni xohlamaydi. Odamlar ixcham kvartiralarni tanlashadi, lekin qulay shahar muhiti va ekotizimni talab qilishadi, degan “Dynamic Architecture” asoschisi David Fisher Toshkent Xalqaro Investitsiyalar forumining to‘rtinchi kunida.

Belgiyaning qurilish bo‘yicha “BESIX Group” kompaniyasi bosh direktori Filipp Dessoy o‘z nutqida mintaqada qurilish sifati bosqichma-bosqich yaxshilanib borayotgani, ammo maqbul darajaga erishish uchun hali katta yo‘l bosib o‘tish kerakligini ta’kidladi.
Birinchi martadanoq sifatli qurilmasa, kelajakda qayta qurish va xarajatlar bo‘lishi muqarrar. Bu tejash emas, balki kechiktirilgan zarar, degan u.
“Dynamic Tower” bu harakatlanuvchi (aylanadigan) osmono‘par bino bo‘lishi rejalashtirilgan futuristik arxitektura loyihasidir. Uni italiyalik arxitektor David Fisher loyihalashtirgan. Har bir qavat mustaqil ravishda o‘z o‘qi atrofida aylanishi mumkin. Bu binoga doimo o‘zgaruvchan fasad beradi — u bir zumda boshqa ko‘rinishga ega bo‘ladi. Yashovchilar o‘z xonalarini istagan tomonga qaratib aylantira oladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ