Toshkent hokimligi shahar dizayn kodini joriy etish yondashuvini qayta ko‘rib chiqdi
Hokimlik tadbirkorlarning e’tirozlarini inobatga olib, dizayn kod talablari bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytiradi
Фото: Kapital.uz
Toshkent shahar hokimligi poytaxt dizayn kodini joriy etish va tadbirkorlarga uning talablarini tushuntirish bo‘yicha yondashuvni qayta ko‘rib chiqdi. Bunda tadbirkorlar manfaatlari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
11-maydan 26-iyulgacha dizayn kodni joriy etish ishlari Toshkentdagi 56 ta ko‘chada joylashgan 3 228 ta tadbirkorlik subyektini qamrab oldi. Tadbirkorlarning fikrini o‘rganish maqsadida hokimlik Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda so‘rovnoma o‘tkazdi.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ayrim holatlarda dizayn kod talablari, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi va ishlarni bajarish ketma-ketligi tadbirkorlarga o‘z vaqtida va yetarlicha tushunarli tarzda izohlanmagani aniqlandi. Hokimlik ushbu e’tirozlarni o‘rinli deb topib, kelgusidagi ishlar davomida ularni inobatga olishini ma’lum qildi.
Hozirga qadar 509 nafar tadbirkor bino fasadini yangilagan. Yana 2 627 nafar tadbirkor ishlarni yakunlash jarayonida. Qolgan masalalar tuman hokimliklari va mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda individual tartibda ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, 18 ta reklama-ishlab chiqarish kompaniyasi mutaxassislarining malakasi oshirildi. O‘quv jarayonida Toshkent Invest, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti ekspertlari ishtirok etdi.
Hokimlikning ta’kidlashicha, asosiy maqsad fasadlarni yagona talablarga moslashtirish bilan cheklanmay, dizayn kodni tadbirkorlar uchun tushunarli va adolatli tarzda joriy etishdan iborat.
Dizayn kod bo‘yicha avvalgi e’tirozlar
2026-yil mart oyida Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi poytaxtning shahar dizayn kodini tasdiqlagan. Hujjat talablari kapital qurilishga oid shaharsozlik normalari va qoidalariga integratsiya qilinishi belgilangan.
May oyidan boshlab poytaxtning ayrim hududlarida tadbirkorlik subyektlarining peshlavhalarini olib tashlash ishlari boshlangan va bu biznes vakillarining e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
Biznes ombudsman devoni tomonidan kengash qarori o‘rganilib, hujjatning ayrim bandlari amaldagi qonunchilikka zid ekani va tadbirkorlar manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aniqlab, qayta ko’rib chiqilishini so’ragan. Keyinchalik poytaxt hokimligi buzilgan reklama kontruksiyalariga kompensatsiya berilishi haqida bayonotlar bergandi.
5-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish va tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni hal etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan.
Unda tadbirkorlik subyekti nomi va faoliyat turi ko‘rsatilgan bino yoki inshootdagi axborotni reklama sifatida baholamaslik hamda buning uchun alohida pasport rasmiylashtirish talabini bekor qilish taklif qilingan.
Shuningdek, reklama va boshqa axborot belgilarini joylashtirish bo‘yicha dizayn talablarini bosqichma-bosqich joriy etish hamda yuridik shaxslarga tegishli transport vositalariga savdo belgilarini joylashtirish tartibini soddalashtirish tashabbusi ilgari surilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ