Xorazmda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish uchun 6,4 trln so‘m yo‘naltirildi

Yil yakunigacha 39 ming nafar ishsizni doimiy ish bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda

Xorazmda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish uchun 6,4 trln so‘m yo‘naltirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatida aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Davlat rahbarining viloyatga tashrifi davomida hududni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Taqdimotda ushbu vazifalarni mahallalar kesimida amalga oshirish, mavjud imkoniyatlarni aniq loyihalar va barqaror ish o‘rinlariga aylantirish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.

Joriy yil boshidan buyon Xorazmda 162 ming nafar aholining daromadi oshirildi, 29 ming kishi doimiy ishga joylashtirildi, 37 ming fuqaroning norasmiy bandligi qonuniylashtirildi.

Kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash doirasida 28,9 mingta oiladagi 126,6 ming nafar aholiga 40 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatildi. Jumladan, 12,4 ming kishi doimiy ishga joylashtirildi, 23,6 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilindi, 3,3 ming kishiga moliyaviy ko‘mak berildi, 1,1 ming nafari kasb-hunarga o‘qitildi.

Natijada yil boshidan “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan 29 mingta oiladagi 127 ming nafar aholining rasmiy daromadi va moddiy ahvoli yaxshilandi. Ular kambag‘allikdan chiqarildi. Viloyatda kambag‘allik darajasi 6,7% dan 3,9% gacha kamaydi.

Ayni paytda viloyatda 39 ming nafar ishsiz fuqaro mavjud, 102 ming kishi mehnat migratsiyasida.

50 mingdan ortiq vakansiya mavjud

Taqdimotda bandlik sohasidagi asosiy muammolardan biri mavjud vakansiyalar bilan ish izlovchilarning kasbiy tayyorgarligi o‘rtasidagi tafovut ekani qayd etildi.

Hozirda viloyatda 50 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni mavjud. Biroq zarur malakaga ega kadrlar yetishmasligi sababli ularning bir qismi to‘ldirilmayapti.

Shu munosabat bilan kasb-hunarga o‘qitish tizimini qayta ko‘rib chiqish va uni mehnat bozori ehtiyojlari bilan bog‘lash vazifasi qo‘yildi. So‘rovlar natijasida oliy ta’lim muassasalari talabalarining 63%i o‘qish davomida yetarli amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmayotganini bildirgan.

Shu bois o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida amaliy tayyorgarlikni kuchaytirish, oliy ta’lim tashkilotlari imkoniyatlaridan kasbga o‘rgatishda keng foydalanish topshirildi. Universitetlarda kunning ikkinchi yarmida talabalarning kasbiy va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar tashkil etilishi belgilandi.

Kambag‘allikni qisqartirish uchun 6,4 trln so‘m yo‘naltirilgan

Xorazmda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash maqsadlariga jami 6,4 trln so‘m yo‘naltirildi.

Tijorat banklarining 2,1 trln so‘mlik resurslari hisobidan mahallalardagi loyihalarga 1,5 trln so‘m kredit ajratildi. Natijada viloyatdagi barcha mahallalar moliyaviy resurslar bilan qamrab olindi.

Prezident banklarning ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishdagi hissasi mahallalardagi aniq natijalarda ko‘rinishi kerakligini ta’kidladi. Banklar hududlardagi imkoniyat va tashabbuslarni biznes loyihalariga aylantiradigan “loyihalar fabrikasi”ga aylanishi kerakligi qayd etildi.

Shuningdek, “mahalla yettiligi” va mahalla bankirlari faoliyatini aniq natijadorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash, ularning vazifalari va mas’uliyatini belgilaydigan yangi mexanizmlarni ishlab chiqish topshirildi.

Yil yakuniga qadar 18 mingta kam ta’minlangan oiladagi 81 ming nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish va 39 ming nafar ishsiz fuqaroning doimiy bandligini ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Bular oddiy raqamlar emas. Har bir insonga alohida yondashib, uning imkoniyatlarini yaxshi bilishimiz, shundan kelib chiqib, munosib ish topib berishimiz kerak, — dedi Prezident.

250 ta yangi korxona tashkil etiladi

Belgilangan maqsadlarga erishish uchun sanoat, xizmat ko‘rsatish, turizm, transport, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalaridagi investitsiya loyihalari ishga tushiriladi.

Mikrosanoat markazlarida 250 ta yangi korxona tashkil etilib, mahalla bankirlari ishtirokidagi loyihalar kengaytiriladi. Yangi ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik, mebel ishlab chiqarish, issiqxona xo‘jaligi va o‘simlikchilik yo‘nalishlarida 36 ta kooperatsiya tashkil etilib, ularga 201 ta mahalladagi 15,8 mingta kam ta’minlangan oilani jalb qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 12 ta tayanch va 38 ta yondosh mahallada 70 ta “lokomotiv” loyiha amalga oshirilib, 1,1 mingta ish o‘rni yaratiladi. Tadbirkorlik loyihalariga 650 mlrd so‘m ajratilib, 2,5 mingta mikroloyiha amalga oshiriladi.

Yangiariqda tayanch mahalla rivojlantiriladi

Yangiariq tumanidagi Shixbog‘i mahallasini tayanch mahalla sifatida rivojlantirish rejasi ham muhokama qilindi. Loyiha doirasida Qarmish, Sherobod va Kattabog‘ mahallalari ham qamrab olinadi.

Mazkur mahallalarda jami 18,2 ming nafar aholi istiqomat qiladi va 319 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda.

Hududlarda sanoat zonasi, mikrosanoat markazi, zamonaviy bozor va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish, intensiv bog‘lar barpo qilish, chorvachilik va parrandachilik majmualarini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, ichki yo‘llar, piyodalar yo‘laklari, elektr va suv ta’minoti infratuzilmasi yaxshilanadi.

Xorijiy konsalting tashkilotlari ishtirokida hududni rivojlantirish master-rejasi ishlab chiqilib, mahalliy loyihachilarning malakasi oshiriladi. Bu orqali 1,5 mingta barqaror ish o‘rni yaratish, aholi daromadlarini 20–30%ga oshirish hamda hududni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli qilish ko‘zda tutilgan.

Prezident ehtiyojmand aholi bilan ishlashning amaldagi mexanizmlari va metodologiyasini to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.

Kambag‘allikka qarshi kurashish siyosatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlanib, ular alohida videoselektor yig‘ilishida muhokama qilinishi belgilandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentda 200 mingta avtomobilga mo‘ljallangan ko‘p qavatli turargohlar tashkil etiladi
/
Toshkentda 200 mingta avtomobilga mo‘ljallangan ko‘p qavatli turargohlar tashkil etiladi
O‘zbekistonda avtoturargohlarga elektromobil quvvatlash stansiyalarini o‘rnatish talablari yangilandi
/
O‘zbekistonda avtoturargohlarga elektromobil quvvatlash stansiyalarini o‘rnatish talablari yangilandi
O‘zbekistonda qarz oluvchilarning 29% bir nechta kreditdan foydalanadi
/
O‘zbekistonda qarz oluvchilarning 29% bir nechta kreditdan foydalanadi