O‘zbekistonda qarz oluvchilarning 29% bir nechta kreditdan foydalanadi
Katta yoshli aholining 20%ida banklarda, 7%ida esa mikromoliya tashkilotlarida amaldagi kredit hisobvarag‘i mavjud
Foto: Kapital.uz
Markaziy bankning 2025-yil uchun moliyaviy ommaboplik indekslari bo‘yicha hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda qarz oluvchilarning 29% bir vaqtning o‘zida bir nechta kreditdan foydalanadi. Har bir mijozga o‘rtacha 1,7 ta kredit to‘g‘ri keladi.
Regulyator mazkur ko‘rsatkich aholi orasida bir vaqtning o‘zida bir nechta kreditdan foydalanish amaliyoti keng tarqalayotganini ko‘rsatishini qayd etdi.
Hisobotga ko‘ra, mamlakatdagi katta yoshli aholining 20% banklarda amaldagi kredit hisobvarag‘iga ega. Yana 7% aholi tartibga solinadigan mikromoliya tashkilotlarida faol kredit hisobvarag‘idan foydalanadi.
Aholining kreditlari bo‘yicha muammoli qarzlar ulushi 3% ni tashkil etmoqda. Markaziy bank ushbu qarzlarni qoplash uchun bank tizimida yetarli zaxiralar shakllantirilganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, regulyator kreditlashda ayrim cheklovlar saqlanib qolayotganini qayd etdi. Xususan, kredit qiymati, shartlarning shaffofligi va tushunarliligi, shuningdek, to‘lov miqdori va jadvalining qarz oluvchining moliyaviy imkoniyatlariga mos kelishiga e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Markaziy bankka ko‘ra, kreditlash sifatini faqat ajratilgan kreditlar hajmi bilan baholab bo‘lmaydi. Bunda kreditning mijoz ehtiyojlariga mosligi va ortiqcha qarz yukini yuzaga keltirmasligi ham muhim hisoblanadi.
Qishloq aholisi orasida jamg‘arma darajasi past
Hisobotda qishloq aholisi orasida jamg‘arma mahsulotlaridan foydalanish darajasi ham past ekani qayd etilgan. Qishloqda yashovchi katta yoshli aholining atigi 1% jamg‘arma yoki muddatli hisobvarag‘iga ega. Bu mamlakat bo‘yicha 4% o‘rtacha ko‘rsatkichdan to‘rt barobar past.
Bu ko‘rsatkich qishloq hududlarida aholining bank tizimidan foydalanishi bilan bir qatorda, mablag‘larni jamg‘arishga mo‘ljallangan moliyaviy mahsulotlardan foydalanish darajasi ham pastligini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, qishloq aholisi foydalanadigan bank hisobvaraqlarining faolligi mamlakatdagi o‘rtacha ko‘rsatkichga yaqin. Qishloq aholisi hisobvaraqlarining 32% nofaol bo‘lgan. Mamlakat bo‘yicha katta yoshli aholining bank hisobvaraqlarida esa bu ko‘rsatkich 34% ni tashkil etgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ