Toshkent shahar hokimi Bektemir Business City qurilishi tasdiqladi
Bektemir tumanida 58 gektarlik majmua uchun yerlar master-reja asosida elektron auksion orqali taqsimlanadi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov Bektemir tumanida Bektemir Business City markazini qurishni tasdiqladi. Tegishli qaror 18-avgust kuni E-qaror portalida e’lon qilindi.
Qarorga ko‘ra, markazni “zamonaviy me’moriy qiyofada” barpo etish uchun Bektemir tumani hududidan yerlar ajratiladi. Ular Bektemir va Abay mahallalaridagi Bektemir shoh ko‘chasi, shuningdek, Zabardast mahallasidagi Katta halqa yo‘li bo‘ylab joylashgan.
Loyihaning buyurtmachisi etib Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Olmazor Business City qurilishi va foydalanishga topshirish direksiyasi belgilandi.
Bektemir tumani hokimligiga markaz qurilishi rejalashtirilgan hududdagi bino va inshootlarni xatlovdan o‘tkazish hamda loyiha chegaralarini belgilash topshirildi. Shuningdek, hokimlik shahar hokimligi va direksiya bilan birgalikda hududning master-rejasi va batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqadi.
Yerlar elektron auksion orqali sotiladi
Bektemir Business City hududidagi obyektlar uchun yer uchastkalari tasdiqlangan master-reja asosida elektron onlayn auksion orqali taqsimlanadi.
Yerlarni sotishdan tushgan mablag‘lar hududning ichki kommunikatsiyalari va infratuzilmasini qurishga yo‘naltiriladi.
Majmua uchun $1,2 mlrd investitsiya ko‘zda tutilgan
Bektemir Business City qurilishi Vazirlar Mahkamasining 28-fevraldagi poytaxtni kompleks rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorida ham nazarda tutilgan.
Mazkur hujjatda Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 31 ta loyiha ro‘yxati keltirilgan. Ularning umumiy qiymati $16,2 mlrdni tashkil etadi.
Ro‘yxatga ko‘ra, Bektemir Business City majmuasining maydoni 58 gektar bo‘ladi. Loyihaga $1,2 mlrd yo‘naltirilib, bu mablag‘ hisobidan turar joy majmuasi, servis va ko‘ngilochar obyektlarni qurish rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ