AQSh O‘zbekistonning byudjet shaffofligini talab darajasida deb topmadi
Davlat departamenti qarzlar va davlat xaridlari bo‘yicha ma’lumotlar ochiqligida kamchiliklarni qayd etdi
Фото: «РИА Новости»
AQSh Davlat departamenti 2026-yilgi Fiscal Transparency Report hisobotida 139 ta hukumat va Falastin ma’muriyatining byudjet shaffofligini baholadi. Ularning 73 tasi minimal talablarga javob bergan, baholashdan o‘ta olmagan 67 mamlakatdan 14 tasi esa sezilarli yaxshilanishni namoyish etgan. O‘zbekiston minimal talablarga javob bergan mamlakatlar qatoriga kirmadi.
O‘zbekiston bo‘yicha ijobiy jihatlar
Hisobotda O‘zbekiston hukumati byudjet loyihasi, tasdiqlangan byudjet hamda uning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni o‘z vaqtida e’lon qilgani qayd etilgan.
Hujjatlarda rejalashtirilgan daromad va xarajatlar haqida yetarli ma’lumot berilgan, xarajatlar vazirliklar kesimida taqsimlangan. Shuningdek, muhim byudjetdan tashqari hisobvaraqlar oshkor qilingan.
Harbiy va razvedka byudjetlari parlament yoki fuqarolik nazoratidan o‘tkazilgani ham ijobiy baholangan.
Oliy audit organi xalqaro mustaqillik standartlariga mos kelishi va mazmunli xulosalarni e’lon qilishi qayd etilgan. Tabiiy resurslarni qazib olish uchun litsenziya berish tartiblari qonunchilikda belgilangan bo‘lib, tegishli shartnomalar bo‘yicha asosiy ma’lumotlar ochiq manbalarda mavjud.
Bundan tashqari, O‘zbekiston suveren jamg‘armasi huquqiy asosga ega ekani ham hisobotda qayd etilgan.
Qaysi kamchiliklar ko‘rsatildi?
Shu bilan birga, AQSh Davlat departamenti mamlakatda byudjet shaffofligiga oid bir nechta kamchiliklar saqlanib qolayotganini ko‘rsatgan.
Xususan:
- davlatning qarz majburiyatlari, jumladan, yirik davlat korxonalari qarzlari bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar ochiqlanmagan;
- xorijiy qarz oluvchilarga berilgan suveren kreditlarning shartlari e’lon qilinmagan;
- tabiiy resurslardan olinadigan daromadlar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar mavjud emas;
- davlat xaridlari haqidagi mavjud ma’lumotlar to‘liq e’lon qilinmagan.
Davlat departamenti O‘zbekistonga byudjetda davlat korxonalariga amalga oshiriladigan o‘tkazmalar haqida ma’lumot berish, qarz majburiyatlarini to‘liq oshkor qilish, tashqi qarzlar shartlari va davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilishni tavsiya qilgan.
Markaziy Osiyodagi holat
Mintaqada mamlakatlarning natijalari bir-biridan farq qiladi. Qozog‘iston va Qirg‘iziston minimal talablarga javob bergan mamlakatlar qatoridan joy olgan.
O‘zbekiston bilan birga Tojikiston va Turkmaniston ham baholashdan o‘ta olmagan.
2025-yilgi hisobotda O‘zbekiston byudjetdan tashqari hisobvaraqlarni oshkor qilgani uchun sezilarli yaxshilanish qayd etilgan mamlakatlardan biri bo‘lgan. 2026-yilda bu talab bajarilgan bo‘lsa-da, qarzlar va davlat xaridlari bo‘yicha kamchiliklarning saqlanib qolishi mamlakatning minimal talablarga javob beradigan guruhga o‘tishiga to‘sqinlik qilgan.
Hisobot nima uchun tuziladi?
Davlat departamentining ushbu hisoboti AQSh Kongressining mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi qonunchiligi doirasida talab qilinadi. Uning asosiy maqsadi AQSh yordami mablag‘larining sarflanishini nazorat qilish, korrupsiya xavfini kamaytirish va biznes uchun prognoz qilinadigan muhitni shakllantirishdan iborat.
Davlat departamenti byudjet shaffofligi moliya bozorlarining hukumatga bo‘lgan ishonchini oshirishi, davlat qarzini nazorat qilishni osonlashtirishi va tabiiy resurslar kabi sohalardagi shaffof bo‘lmagan moliyaviy sxemalar uchun imkoniyatlarni kamaytirishini ta’kidlaydi.
Hisobotda salbiy baho olgan mamlakatga AQSh yordami avtomatik ravishda qisqartirilishi nazarda tutilmagan. Biroq baholash natijalari moliyalashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda hisobga olinishi, shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlari va investorlarning mamlakat haqidagi tasavvuriga ta’sir qilishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ