Davlat xaridlarida narxlarni sun’iy oshirishga qarshi yangi tartib joriy etildi

Bozor narxidan asossiz qimmat xarid qilgan mansabdorlar 30 BHMgacha jarimaga tortiladi

Davlat xaridlarida narxlarni sun’iy oshirishga qarshi yangi tartib joriy etildi

Davlat xaridlarida tovar va xizmatlar narxini sun’iy oshirishning oldini olishga qaratilgan yangi mexanizm joriy etilmoqda. Bu Prezident tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.

Qonunga muvofiq, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 33-moddasi yangi normalar bilan to‘ldirildi. Endilikda davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlarning narxi bilan ularning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi ruxsat etiladigan eng yuqori tafovut belgilanadi.

Yangi tartibga ko‘ra, davlat buyurtmachilari xaridlarni amalga oshirishda mazkur narx chegaralariga qat’iy rioya qilishi shart bo‘ladi.

Shuningdek, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksga ham tegishli o‘zgartirish kiritildi. Unga asosan, davlat xaridi predmetining boshlang‘ich narxi bilan uning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi ruxsat etilgan maksimal tafovut talablari buzilgan taqdirda, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha jarima qo‘llanadi.

Hukumat mazkur tartib orqali davlat xaridlarida narxlarni sun’iy oshirish holatlarining oldini olish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, raqobat muhitini yaxshilash hamda korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishni maqsad qilgan.

Qonunga muvofiq, tovar va xizmatlarning o‘rtacha bozor narxini aniqlash, boshlang‘ich narx bilan bozor narxi o‘rtasidagi ruxsat etilgan maksimal tafovutni belgilash hamda narxlarning shakllanishi ustidan nazorat o‘rnatish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan uch oy ichida ishlab chiqilib, tasdiqlanadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistondan Malayziyaga borayotgan turistlar soni 62% ga oshdi
/
O‘zbekistondan Malayziyaga borayotgan turistlar soni 62% ga oshdi
Fonon zargarlik zavodi 316 mlrd so‘mga savdoga chiqarildi
/
Fonon zargarlik zavodi 316 mlrd so‘mga savdoga chiqarildi
O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya 10 yilda 3,3 baravarga oshdi
/
O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya 10 yilda 3,3 baravarga oshdi