Davlat xaridlarida 4,3 mlrd so‘mlik qonunbuzarliklar aniqlandi
Xususan, Samarqandda 2,6 mlrd so‘mlik yettita tenderda faqat ikkita afillangan korxona ishtirok etgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda davlat xaridlari tizimida 4,3 mlrd so‘mdan ortiq miqdorda qonunbuzarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi o‘tkazilgan monitoring yakunlari bo‘yicha xabar berdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Qo‘ng‘irot sanatoriysi tomonidan o‘tkazilgan 654 mln so‘mlik tenderda qonunbuzarliklar aniqlandi. Shartnoma haqiqiy emas deb topildi, buyurtmachiga jarima belgilandi.
Andijon viloyatida Andijon sil kasalliklari sanatoriysi tomonidan o‘tkazilgan 270 mln so‘mlik ikkita tenderda tartib buzilishi aniqlandi. Buyurtmachiga rasmiy ko‘rsatma berildi, materiallar sudga yuborildi.
Buxoro viloyatida 440 mln so‘mlik oziq-ovqat yetkazib berish bo‘yicha tenderda ishtirokchilarning noholis baholanishi aniqlandi. Buyurtmachiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, majburiy ko‘rsatma berildi.
Navoiy viloyatida 41,2 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda afillangan korxonalar ishtiroki aniqlandi. Shuningdek, 63 mln so‘mlik uskunalar xaridida ham qonunbuzarliklar qayd etildi. Ishtirokchilar noxolis baholangani sababli, ish qo‘zg‘atilib, BRIGHT LAND korxonasiga jarima solindi. Bundan tashqari, savdo ishtirokchilari o‘rtasida raqobatga qarshi kelishuv alomatlari bo‘yicha ham ish qo‘zg‘atildi.
Qashqadaryo viloyatida Mahallalar uyushmasining Koson tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan 70 mln so‘mdan ortiq summadagi to‘rtta tenderda takliflarni baholash mezonlari buzilgan. Materiallar sudga yuborildi.
Samarqand viloyatida eng yirik qoidabuzarliklar aniqlandi: 2,6 mlrd so‘mlik yettita tenderda faqat ikkita afillangan korxona ishtirok etgan. Sud qarori bilan ularga jarima solindi.
Sirdaryo viloyatida ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi viloyat filiali tomonidan 62 mln so‘mlik uchta xaridda qonunbuzarlik holatlari aniqlandi. Ish qo‘zg‘atilib, ko‘rsatma berildi va materiallar vakolatli organlarga yuborildi.
Toshkent viloyatida “O‘zbekko‘mir” AJning 271 mln so‘mlik tenderida bitta IP-manzildan ikkita FOROFFICE va FULL-MIX kompaniyalari ishtirok etishi belgilangan. Ularga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, jarima va majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Qo‘mitaning qayd etishicha, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, davlat xaridlarida ishtirokchilar uchun teng sharoitlar ta’minlanishi kerak, affillangan shaxslarning aralashuvi va savdolar natijalarini manipulyatsiya qilish esa raqobatga qarshi harakatlar deb topiladi va javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ