O‘zbekistonning davlat qarzi $47 mlrdga yaqinlashdi

Davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati 26,6% gacha pasaygan

O‘zbekistonning davlat qarzi $47 mlrdga yaqinlashdi

2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi $46,98 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlarida keltirilgan.

Ko‘rsatkich yil boshiga nisbatan $134 mln yoki 0,3% ga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa $4,38 mlrd yoki 10,3% ga oshgan.

Shu bilan birga, davlat qarzining iqtisodiyotga nisbatan yuki kamaygan. Xususan, davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati yil boshidagi 31,9% dan 26,6% gacha tushgan.

Davlat qarzining asosiy qismi tashqi majburiyatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Hisobot davrida tashqi qarz $39,78 mlrdga yetgan bo‘lib, bu jami davlat qarzining 85% ini tashkil etgan. Bir yil ichida tashqi qarz hajmi 11,8% ga o‘sgan. Uning YAIMga nisbati esa 22,5% ni tashkil qilgan.

Ichki qarz hajmi ham o‘sishda davom etgan. Birinchi chorakda u $180 mln yoki 2,56% ga ko‘payib, $7,2 mlrdga yetgan. Bu YAIMning 4,1% iga teng.

Tashqi qarz mablag‘larining yarmi — $19,7 mlrdi budjetni qo‘llab-quvvatlash maqsadlariga yo‘naltirilgan. Qolgan mablag‘lar energetika, sog‘liqni saqlash, ta’lim, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti, uy-joy kommunal xo‘jaligi hamda transport infratuzilmasi loyihalariga ajratilgan.

Kreditorlar orasida xalqaro moliya institutlari yetakchilik qilmoqda. Ular hissasiga tashqi qarzning 56% i yoki $22,36 mlrd to‘g‘ri keladi. Eng yirik kreditorlar sifatida Jahon banki ($9,04 mlrd) va Osiyo taraqqiyot banki ($8,28 mlrd) qayd etilgan.

Xorijiy davlatlarning moliyaviy tashkilotlari hissasiga esa tashqi qarzning 29% i yoki $11,61 mlrd to‘g‘ri keladi. Bu yo‘nalishda Xitoy $3,9 mlrd bilan birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Yaponiyaning ulushi $3,1 mlrdga yetgan.

Hisobotda qayd etilishicha, tashqi qarzning 58% i AQSH dollarida jalb qilingan. Shuningdek, qarz mablag‘larining 8% i yevroda, 6% i esa yapon iyenasida shakllantirilgan. Ichki qarzning asosiy qismi milliy valyuta — so‘mda jalb qilingan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

UzSungwoo’dagi davlat ulushi 585,8 mlrd so‘mga sotildi
/
UzSungwoo’dagi davlat ulushi 585,8 mlrd so‘mga sotildi
O‘zbekistonda bozor xizmatlari hajmi 406,4 trln so‘mdan oshdi
/
O‘zbekistonda bozor xizmatlari hajmi 406,4 trln so‘mdan oshdi
TBC Uzbekistan 4000+ kishi uchun ta’lim tizimini qanday yaratdi
/
TBC Uzbekistan 4000+ kishi uchun ta’lim tizimini qanday yaratdi