O‘zbekistonda davlat mulkini bo‘lib to‘lashdagi 14% ustama bekor qilinadi
Qurilish ruxsatlari soddalashtiriladi, hokimlar davlat aktivlarini sotishda javobgarlikni bo‘lishadi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda davlat mulkini sotish va qurilish sohasida byurokratik to‘siqlarni qisqartirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, davlat obyektlarini bo‘lib to‘lash (rassrochka) orqali sotib olishda qo‘llanilgan 14% yillik ustama bekor qilinadi. Shu bilan birga, hududiy hokimliklar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birga davlat mulkini realizatsiya qilish va investitsiyalarni jalb etish uchun teng darajada mas’ul bo‘ladi.
So‘nggi yillarda auksion orqali sotilgan 11,5 ming gektar yerning 3 ming gektarida loyihalar boshlanmagani qayd etilgan. Bu esa 100 mingga yaqin ish o‘rni yaratilmay qolishiga va 20–25 trln so‘mlik qo‘shimcha qiymat yo‘qotilishiga olib kelgan.
Qurilish sohasida ham muammolar aniqlangan: 2025-yilda 2,6 mln arizaning uchdan biri rad etilgan. Bu holat korrupsiya xavfi sifatida baholanib, jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish va sun’iy intellekt asosida boshqarish rejalashtirilmoqda.
2026-yil 1-iyuldan boshlab loyiha ruxsatlari va arxitektura-rejalashtirish topshiriqlari yagona xizmatga birlashtiriladi. Shuningdek, elektr, gaz, suv va kanalizatsiya tarmoqlariga ulanish uchun yagona ariza tizimi joriy etiladi.
“Shaffof qurilish” tizimi ham yangilanadi — lizing asosida olingan texnikalar pudratchilar reytingida inobatga olinadi. Bu esa qariyb 500 ta kompaniyaga 17 trln so‘mlik bozorga kirish imkonini beradi.
Nazoratni kuchaytirish maqsadida 3 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan ijtimoiy obyektlar, shuningdek ko‘p qavatli uylar va yirik inshootlarda 24/7 videokuzatuv tizimi joriy etiladi. Davlat buyurtmachilari xodimlarining maoshi esa 1-iyundan uch baravarga oshirilib, KPI tizimiga bog‘lanadi.
Mazkur choralar qurilish jarayonlarini tezlashtirish, xarajatlarni kamaytirish va investitsion muhitni yaxshilashga qaratilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ