O‘zbekiston davlat budjeti yarim yillikni 1,8 trln so‘mlik profitsit bilan yakunladi
Mart va iyun oylaridagi yuqori daromadlar yil boshidagi taqchillikni qoplashga sarflangan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yilning yanvar—iyun oylarida O‘zbekiston davlat budjeti 1,8 trln so‘mdan ortiq profitsit bilan yakunlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
Hisobot davrida davlat budjeti daromadlari 207,4 trln so‘mni, xarajatlari esa 205,6 trln so‘mni tashkil etdi. Natijada budjet qariyb 1,8 trln so‘m (taxminan $150 mln) miqdorida ijobiy saldo bilan yakunlandi.
Yilning ilk oylarida budjet taqchilligi kuzatilgan. Xususan, yanvar oyida defitsit 1,5 trln so‘mni, fevralda esa 986,2 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Mart oyida esa vaziyat keskin o‘zgardi. Daromadlar xarajatlardan 10,2 trln so‘mga oshib, yil boshidan buyon eng yuqori oylik profitsit qayd etildi. Bu, ehtimol, chorak yakunlari bo‘yicha amalga oshiriladigan yirik soliq tushumlari bilan bog‘liq.
Aprelda budjet yana 707,8 mlrd so‘m taqchillik bilan yakunlangan bo‘lsa, may oyida eng katta defitsit kuzatildi. Ushbu davrda daromadlar 26,75 trln so‘mgacha kamaygan, xarajatlar esa 34,7 trln so‘mni tashkil etgan. Natijada 7,95 trln so‘mlik taqchillik yuzaga kelgan.
Iyun oyida esa budjet yana profitsitga chiqdi. Daromadlar 42 trln so‘mni, xarajatlar 39,2 trln so‘mni tashkil etib, oy yakunida 2,75 trln so‘mlik ijobiy saldo qayd etildi.
Shunday qilib, birinchi yarim yillik yakunidagi profitsit asosan mart va iyun oylaridagi yuqori daromadlar hisobiga ta’minlandi. Aynan shu ikki oyda shakllangan ortiqcha tushum qolgan to‘rt oyda kuzatilgan defitsitni qoplash imkonini berdi.
2026-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, yil yakunida budjet daromadlari 368,9 trln so‘m, xarajatlari esa 328,7 trln so‘m etib prognoz qilingan.
Soliq tushumlari bo‘yicha ham o‘sish qayd etilgan. Birinchi chorakda budjetga 63,6 trln so‘m soliq tushumi kelib tushgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb chorak qismga ko‘p.
O‘sishning asosiy manbai foyda solig‘i bo‘ldi. Ushbu soliq turi bo‘yicha tushumlar 20,4 trln so‘mni tashkil etib, bir yil avvalgiga nisbatan 43% ga oshgan. Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) tushumlari 12,5 trln so‘m (+27%), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i esa 10,7 trln so‘m (+15%)ni tashkil etdi.
Eng yuqori o‘sish suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqda kuzatilib, tushumlar 80% dan ortiqqa oshdi. Yer solig‘i bo‘yicha tushumlar esa uchdan bir qismga ko‘payib, 2,8 trln so‘mga yetdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ