Coca-Cola Uzbekistan $25 mlnlik soliq talabi yuzasidan sudga murojaat qildi
Kompaniya qo‘shimcha hisoblangan summani to‘liq to‘lagan, biroq soliq organlari xulosalarini sud orqali bekor qilishni so‘ramoqda
O‘zbekistondagi Coca-Cola Bottlers Uzbekistan (CCBU) kompaniyasiga soliq tekshiruvi yakunlari bo‘yicha 314,5 mlrd so‘m miqdorida qo‘shimcha soliq, jarima va penya hisoblangan. Bu haqda kompaniyaning egasi hisoblangan Turkiyaning Coca-Cola İçecek guruhi 2025-yil yakunlari va 2026-yilning birinchi choragi bo‘yicha moliyaviy hisoboti bilan Kapital.uz tanishib chiqdi.
Hisobotda qayd etilishicha, Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv yakunlari asosida 2025-yil may oyida kompaniyaga qo‘shimcha to‘lovlar hisoblangan.
Qayd etilishicha, ushbu hisob-kitoblar turli asoslarni, jumladan, 2023 va 2024-yillarda to‘langan dividendlar bilan bog‘liq operatsiyalarni ham o‘z ichiga oladi.
Coca-Cola Bottlers Uzbekistan qo‘shimcha hisoblangan 314,5 mlrd so‘mni 2026-yil 5-yanvar kuni to‘liq to‘lagan.
Shu bilan birga, kompaniya soliq organlari qaroridan norozi bo‘lib, uni bekor qilishni so‘rab sudga murojaat qilgan.
Coca-Cola İçecek rahbariyati sud jarayoni kompaniya foydasiga yakunlanishiga ishonch bildirgan. Guruh baholashicha, ushbu nizo kompaniyaning operatsion faoliyati, moliyaviy natijalari yoki likvidligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi.
Avvalroq Spot nashri mazkur holat yuzasidan Soliq qo‘mitasiga so‘rov yuborgan. Qo‘mita esa sud jarayoni hali yakunlanmagani sababli vaziyat bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ