O‘zbekiston va Chexiya tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrdga yetkazadi
Hamkorlikni kengaytirish va turizmni rivojlantirish uchun Toshkent–Praga o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar tiklanadi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya bosh vaziri Andrey Babish ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv “Ko‘ksaroy” qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar mavjud hamkorlik darajasini tahlil qilib, uni yanada rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilab oldi. Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi qariyb ikki baravar oshgan, O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokidagi 37 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Tomonlar savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yanada oshirishni maqsad qilib, tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrdga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bunga eksport-import nomenklaturasini kengaytirish orqali erishish ko‘zda tutilgan.
Savdoni rivojlantirish maqsadida Chexiyada O‘zbekistonning birinchi sertifikatlash filiali ochiladi. Shuningdek, chexiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda Euro-6 standartidagi texnikalarni sertifikatlash laboratoriyasi va kvant etalonini yaratish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Yirik chex kompaniyalari bilan texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish tasdiqlandi. Dastur mashinasozlik, “yashil” energetika, foydali qazilmalar qazib olish, kimyo va farmatsevtika sohalarini qamrab oladi.
Bundan tashqari, infratuzilma, “aqlli shaharlar”, muhandislik va raqamli texnologiyalar yo‘nalishlarida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun Chexiyaning eksport kreditlarini sug‘urtalash agentligi va Eksport banki jalb etiladi.
Tomonlar iqtisodiy masalalarni hal qilish uchun Ishbilarmonlar kengashini tashkil etishga kelishib oldi. Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi joriy yil avgust oyida Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ta’lim sohasida talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirildi.
Turizmni rivojlantirish maqsadida madaniy tadbirlar, ko‘rgazma va konsertlarni ko‘paytirish, shuningdek, Toshkent va Praga o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni tiklash rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, tartibga solinadigan mehnat migratsiyasi masalalari ham muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida barcha kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi” ishlab chiqishga qaror qilindi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ