Centrum Holding 2027-yilda London fond birjasida IPO o‘tkazishni rejalashtirmoqda

Kompaniya xalqaro investorlarni jalb qilish orqali logistika infratuzilmasini kengaytirishni maqsad qilgan

Centrum Holding 2027-yilda London fond birjasida IPO o‘tkazishni rejalashtirmoqda

O‘zbekistonning logistika va aviatsiya sohasida faoliyat yurituvchi Centrum Holding 2027-yilda Buyuk Britaniya fond birjasida aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirishni (IPO) o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya bosh direktori Abdulaziz Abdurahmanov Bloomberg nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

2019-yilda yuk aviatsiyasi kompaniyasi sifatida faoliyat boshlagan holding bugungi kunda yuk va yo‘lovchi aviakompaniyalari, turizm, logistika markazlari, temiryo‘l transporti hamda port va terminal infratuzilmasini o‘z ichiga oladi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda guruhning daromadi $1 mlrdga yetgan, xodimlar soni esa qariyb 5 ming nafarni tashkil etgan.

Holding daromadining 63%i logistika, jumladan havo va quruqlikdagi yuk tashish xizmatlari hisobiga shakllanadi. Yo‘lovchi aviatsiyasi ulushi 30%, qolgan 7% esa boshqa faoliyat turlariga to‘g‘ri keladi.

Kompaniya O‘zbekiston havo yuk tashish bozorining 40% dan ortig‘ini, yo‘lovchi aviatsiyasi segmentining esa qariyb 30% ini egallaydi. Rahbariyat kelgusi 12 oy ichida yo‘lovchi tashish bozoridagi ulushni 50% ga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Holdingning asosiy strategik yo‘nalishlaridan biri Xitoyni Markaziy Osiyo va Kavkaz orqali Yevropa bilan bog‘laydigan O‘rta koridor bo‘ylab logistika infratuzilmasini rivojlantirish hisoblanadi.

Bu maqsadda kompaniya multimodal terminallar sonini ko‘paytirish, yuk platformalari parkini kengaytirish hamda Kaspiy dengizi orqali parom tashuvlarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

2026–2027-yillarda kompaniyaning investitsiya dasturi $100 mlndan oshishi kutilmoqda. Ushbu mablag‘larning yarmidan ko‘pi xalqaro moliya institutlari va strategik hamkorlar hisobidan jalb etilishi rejalashtirilgan.

Hozirda holding tasarrufida 16 ta Airbus yo‘lovchi samolyoti, 10 ta Boeing yuk samolyoti, 10 mingdan ortiq konteyner, 100 dan ziyod yuk avtomobili hamda 300 ta temiryo‘l platformasi mavjud.

Kompaniya 46 gektarlik quruq portni boshqaradi. Bundan tashqari, Toshkentdagi bo‘lajak xalqaro aeroport yaqinida 83 gektar maydonda yangi logistika majmuasi qurilmoqda. Shuningdek, temiryo‘l sisternalari parkini 3 mingtagacha kengaytirish rejalashtirilgan.

Holding tarkibidagi Centrum Air aviakompaniyasi ham xalqaro yo‘nalishlarini kengaytirishni davom ettirmoqda. Yaqin istiqbolda Hindiston, Pokiston va Saudiya Arabistoniga reyslar yo‘lga qo‘yilishi, keyinchalik esa Yevropa bozoriga chiqish rejalashtirilgan.

Abdulaziz Abdurahmanovning ta’kidlashicha, so‘nggi yillardagi iqtisodiy islohotlar fonida xorijiy investorlarning O‘zbekistonga qiziqishi ortmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil fevral oyida Oppenheimer investitsiya kompaniyasi va Citibank holdingning IPO jarayoniga maslahatchi sifatida jalb etilgandi. Investbank mutaxassislari kompaniya qiymatini $2 mlrd atrofida baholab, aksiyalarning 30% ini sotish orqali $600 mln jalb etishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, holding xalqaro qarz bozorida ilk yevroobligatsiyalar emissiyasini amalga oshirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“O‘zbekneftgaz” dizel yonilg‘isi va mazut ishlab chiqarish bo‘yicha rejalarini bajara olmadi
/
“O‘zbekneftgaz” dizel yonilg‘isi va mazut ishlab chiqarish bo‘yicha rejalarini bajara olmadi
O‘zbekiston va Belarus o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazish masalasini muhokama qildi
/
O‘zbekiston va Belarus o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazish masalasini muhokama qildi
Biznes-ombudsman aralashuvi bilan tadbirkorga hisoblangan qariyb 600 mln so‘mlik jarima bekor qilindi
/
Biznes-ombudsman aralashuvi bilan tadbirkorga hisoblangan qariyb 600 mln so‘mlik jarima bekor qilindi