Olti oyda samarasiz byudjet xarajatlari 5,6 trln so‘mga qisqartirildi — Prezident matbuot xizmati
Shuningdek, “Masofaviy audit” axborot tizimi orqali 4 trln so‘mlik kamchiliklar bartaraf etilgan.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-iyul kuni Hisob palatasining faoliyati hamda ijro tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, bu yil 6 oyda o‘tkazilgan audit tadbirlari natijasida 5,6 trln so‘m samarasiz byudjet xarajatlari qisqartirilgan, byudjetga 5 trln so‘m qo‘shimcha tushum imkoniyati aniqlangan.
Mamlakatda “Masofaviy audit” axborot tizimi orqali 4 trln so‘mlik kamchiliklar bartaraf etilgan.
Taqdimotda endi tizimga sun’iy intellektni joriy qilib, kamchiliklarni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.
O‘tgan yili 12 ta vazirlikda moliyaviy nazorat bo‘yicha tashkil qilingan situatsion markazlarning ko‘rsatkichlari qayd etilib, bu tizim joriy yilda yana 10 ta vazirlik va idoraga kengaytirilishi belgilandi. Shu bilan birga, byudjet tashkilotlarida ichki audit va ichki nazorat tizimlarini takomillashtirib, Hisob palatasi bilan axborot almashuvini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Shu yil 16-iyun kuni islohotlar natijadorligi tahlili bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Hisob palatasiga “Xalq nazorati” platformasini barcha hududlarda yo‘lga qo‘yish topshirilgan edi. Taqdimotda mutasaddilar bu borada boshlangan ishlar va zarur chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berdi.
Bu tizim orqali qurilish, infratuzilma, kommunal xizmatlar, energiya ta’minoti, transport, yo‘l, ekologiya kabi sohalardagi muammolar bo‘yicha xabar beriladi. Ularni hal qilish uchun portalga barcha vazirlik, idora va hokimliklar ulanadi.
Hozirgi kunda bu dasturni sun’iy intellekt asosida takomillashtirish, vertikal nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish, koll-markazlar tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ