Yangi Buxoro aeroporti tenderining birinchi bosqichi yakunlandi
Saralashdan o‘tgan 6 ta xalqaro kompaniya yangi aeroportni qurish va boshqarish bo‘yicha tenderning ikkinchi bosqichida ishtirok etadi
Фото: Uzbekistan Airports
Yangi Buxoro xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida qurish va boshqarish bo‘yicha tenderning dastlabki malaka bosqichi yakunlandi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xususiy sherikni tanlashning birinchi bosqichi — dastlabki malaka saralashi (RFQ) joriy yilning 11-martidan 21-mayiga qadar davom etdi. Kelib tushgan arizalarni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha Idoralararo tender komissiyasi keyingi bosqichga o‘tgan talabgorlar ro‘yxatini tasdiqladi.
Loyihaga Buyuk Britaniya, Irlandiya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Shveysariya, Belgiya, Polsha, Albaniya, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Kanada, Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Bahrayn, BAA, Qatar va O‘zbekistondan jami 51 ta kompaniya qiziqish bildirgan.
Texnik, huquqiy va moliyaviy mezonlar asosida uch bosqichda o‘tkazilgan baholash natijasida olti nafar xalqaro talabgor qisqa ro‘yxatga kiritildi. Ular tenderning ikkinchi bosqichi — takliflar so‘rovi (RFP)da ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Yangi Buxoro aeroportini qurish va boshqarish bo‘yicha tender joriy yilning mart oyida e’lon qilingan. Loyiha Uzbekistan Airports, Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida Buxoro tumanining Qumsulton massivi hududida yangi aeroport majmuasi barpo etiladi. Unda 48,5 ming kvadrat metr maydonga ega yo‘lovchi terminali, keytering binosi, avtoturargohlar va yoqilg‘i infratuzilmasi qurilishi rejalashtirilgan.
Aprel oyida prezident yangi aeroport loyihasi bilan tanishgandi. Aeroport va unga tutash infratuzilma uchun shahar tashqarisidan 370 gektar yer ajratilgan. Shuningdek, aeroportga olib boruvchi 23,8 kilometr uzunlikdagi yo‘l qurilib, uning tarkibida ikkita yo‘l o‘tkazgich, to‘qqizta yerosti yo‘lagi va sakkizta ko‘prik barpo etiladi.
Uzunligi 3,3 kilometr bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi barcha turdagi havo kemalarini qabul qilish imkonini beradi. Yo‘lovchi terminalining o‘tkazuvchanlik quvvati esa soatiga 1,2 ming kishini tashkil etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ