O‘zbekistonda 2026-yilda “Bulutli texnologiyalar” milliy platformasi ishga tushiriladi
Kelgusi 5 yilda xususiy investorlar bilan birga 500 megavattdan ziyod quvvatli 20 ta data-markaz barpo etiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni poytaxtdagi Xalqaro kongress markazida to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ishtirok etdi.
Prezident nutqida “yashil” energetikaga qariyb $6 mlrd xorijiy investitsiyalar jalb qilingani haqida gapirdi. Xususan, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 59 mlrddan 82 mlrd kilovatt soatga oshdi. Kelgusi 5 yilda bu ko‘rsatkich 120 mlrd kilovatt-soatdan oshib, “yashil” energiya ulushi 54% ga yetadi.
Elektr tarmoqlarini yangilashga ham $4 mlrd jalb qilinadi. Joriy yilda Samarqand shahrida, kelgusi yilda yana 8 ta hududda elektr tarmoqlari xususiy sheriklikka beriladi.
Mamlakatimizda shu yilning o‘zida IT eksporti $1 mlrdga yetadi. 2030-yilga borib, bu ko‘rsatkichni 5 karra oshirish uchun salohiyatimiz ham, imkoniyatimiz ham yetarli, — dedi davlatimiz rahbari.
Kelgusi yilda “Bulutli texnologiyalar” milliy platformasi ishga tushiriladi. Yaqin 5 yilda xususiy investorlar bilan birga 500 megavattdan ziyod quvvatli 20 ta data-markaz barpo etiladi.
Moliyaviy barqarorlik kengashi tuziladi, Markaziy bank huzurida kiberxavfsizlik va moliyaviy texnologiyalar platformalari ishga tushiriladi. “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida” gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Kelgusi 5 yilda venchur va boshqa muqobil investitsiyalar hajmi $1 mlrdga yetkaziladi.
O‘zbekistonda volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, vanadiy, titan va boshqa minerallarning katta zaxiralari aniqlangan. Yer osti boyliklarimizning umumiy salohiyati $3 trlnga baholanmoqda.
Mintaqamizning minerallardan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish “xabi”ga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Bu borada Toshkent va Samarqand viloyatlarida “Kelajak metallari texnoparki”ni bunyod etmoqdamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu bois geologiya-qidiruv ishlaridan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq zanjirni yo‘lga qo‘ygan investorlarga 10 yil davomida renta solig‘ini qaytarib berish taklif qilindi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ