O‘zbekistonda kreditorlarning 40%i oyligining yarmini kredit to‘laydi — Markaziy bank

Shuningdek, 2024-yilda aholining umumiy qarz yuki 34% zni tashkil etmoqda

O‘zbekistonda kreditorlarning 40%i oyligining yarmini kredit to‘laydi — Markaziy bank

2024-yilda aholining umumiy qarz yuki, yaʼni oylik daromadiga nisbatan kredit miqdori o‘rtacha 34% ni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy Moliyaviy barqarorlik sharhida maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, bankdan qarz olganlarning ko‘pchiligi oyligining yarmini kredit to‘lashga sarflamoqda. Mazkur toifadagi odamlar qarzlari umumiy kreditlarning 40% iga teng. Bu juda katta ko‘rsatkich.

Agar iqtisodiyotda og‘ir vaziyat yuz bersa, masalan, narxlar oshib, ish haqi pasaysa yoki ishsizlik ortsa, baʼzi banklar katta moliyaviy yo‘qotishlarga uchrashi mumkin. 2027-yilga kelib, to‘rtta yirik bankda xavfli holat yuzaga kelish ehtimoli bor. Ularning moliyaviy xavfsizlik darajasi (kapitali) belgilangan minimal meʼyordan pastga tushib ketishi mumkin.

2025-yil yakunigacha tijorat banklarida yetarlicha pul va likvid aktivlar bo‘lishi kutilmoqda. Hatto baʼzi banklarda salbiy oqim (chiqim ko‘payishi) kuzatilsa ham, zaxiradagi pullar buni qoplab bera oladi.

Ko‘pchilik tijorat banklarida yirik mijozlarga qaramlik xavfi mavjud. Bunda asosiy omonatlar bir nechta yirik mijozlarga tegishli. Agar mazkur mijozlar o‘z pullarini birdan qaytarib olsa, banklar moliyaviy muammoga duch kelishi mumkin.

Uy-joy va avtomobil bozori

2024-yilda O‘zbekistondagi uy-joylar asl narxidan 17 foiz qimmat bo‘ldi. Boshqa tomondan ko‘chmas mulk savdolari kamaygan va banklar ipoteka kreditlarini olish shartlarini qattiqlashtirgan. Ipoteka kreditlari qoldig‘i biroz kamayishiga qaramay, uning yuqori darajasi saqlanib qolyapti.

O‘tgan yilda avtokredit bozoridagi vaziyat yaxshilangan. Banklar avtomobil kreditlarini berishda ehtiyotkorroq bo‘lib, aholining transport sohadagi qarz yukini kamaytirishga erishgan. Mashina narxlari ham nisbatan barqarorlashgan.

Mikroqarzlar 

Ajratilgan mikroqarzlari tarkibida muammoli kreditlar ulushi yuqori banklar ham mavjud. Ularda qaytarilmayotgan kreditlarni qoplashga zaxira yetarli emas. Mazkur holat mikroqarzlar bo‘yicha kredit xavfini oshirmoqda.

Mamlakatda mikroqarz oluvchilarning soni ham, umumiy miqdori ham o‘sishda davom etmoqda. Bu kelajakda moliyaviy muammolar xavfini kuchaytiradi.

Inflyatsiya 

2024-yil yakuniga kelib, global inflyatsiya (dunyo bo‘yicha narx-navo o‘sishi) darajasi 4,9% ni tashkil etdi. Bu 2023-yilga qaraganda 1,1% ga past degani.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2025-2026-yillarda inflyatsiya yana pasayishda davom etishini kutmoqda. Jumladan, 2025-yilda global inflyatsiya darajasi 4,3%, 2026-yilda 3,6% gacha tushishi taxmin qilinyapti.

Biroq xavotirlar hamon kuchli. 2025-yil boshida dunyodagi siyosiy vaziyat va iqtisodiy bo‘linishlar xalqaro savdoga salbiy taʼsir qila boshladi. Bu esa yana inflyatsiya o‘sishiga olib kelishi mumkin.

O‘tgan yili so‘m dollarga nisbatan 4,7% qadrsizlandi. Bu 2023-yildagiga (10% atrofida) qaraganda 5,2% ga kam.

O‘zbekiston iqtisodiyotiga xavflar

Markaziy bank 2024-yilda o‘tkazgan so‘rov natijasiga ko‘ra, qator hodisalar mamlakat moliya tizimiga jiddiy xavf tug‘dirishi kutilmoqda. So‘rovda qatnashganlarning eng ko‘p qismi (53%) iqtisodiyotga katta xavf sifatida tashqi geosiyosiy xatarlarni (urush va siyosiy beqarorliklar) ko‘rgan.

Keyingi o‘rinda respondentlar (37%) inflyatsiya (narxlar o‘sishi) juda tezlashishidan xavotiri borligini qayd etgan. Shu bilan birga, quyidagi jarayonlar yuz berishi jiddiy xatar ekani ko‘rsatilgan:

  • valyuta kursi keskin o‘zgarishi — 35%;
  • aholi qarz yuki ortishi — 29%;
  • kreditlar qaytarilmaslik xavfi — 27%;
  • kiberhujumlar (internet orqali qilingan iqtisodiy tahdidlar) — 24%.

Shu bilan birga, banklarda likvidlik muammosi, katta qarz olganlar qarzini to‘lay olmasligi (defolt), iqtisodiy pasayish va iqlim o‘zgarishi kabi omillar ham jiddiy xatar sifatida baholangan.

Jami 56% respondent 1 yilgacha muddatda tizimli xatarlar sodir bo‘lish ehtimolini past baholagan. Shu bilan birga, 61% ishtirokchi kelgusi 1–3 yil ichida tizimli xatarlar yuz berish ehtimolini o‘rtacha degan fikrda.

Ishtirokchilardan 67% ida kelasi uch yillik O‘zbekiston moliya tizimiga ishonchi ortgan, 31% i esa qisman ishonch bildirgan. Umuman olganda, ko‘pchilik tez orada jiddiy iqtisodiy xavf bo‘lishiga ishonmaydi, lekin o‘rta muddatda buning ehtimoli bor deb hisoblaydi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda banklar birinchi chorakda 5,5 trln so‘mdan ortiq foyda oldi
/
O‘zbekistonda banklar birinchi chorakda 5,5 trln so‘mdan ortiq foyda oldi
O‘zbekistonda pay investitsiya fondlarining yagona reyestri ishga tushiriladi
/
O‘zbekistonda pay investitsiya fondlarining yagona reyestri ishga tushiriladi
Sanitariya-epidemiologiya xizmati Wendy’sda sanitariya qoidalari buzilgani haqidagi ma’lumotlarni rad etdi
/
Sanitariya-epidemiologiya xizmati Wendy’sda sanitariya qoidalari buzilgani haqidagi ma’lumotlarni rad etdi