Buyuk Britaniya O‘zbekistondagi loyihalarni moliyalashtirish uchun $5,5 mlrdgacha mablag‘ ajratadi
Kapital “yashil” energetika, transport, muhim minerallar qazib olish, moliya va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi loyihalarga yo‘naltirilishi mumkin
Buyuk Britaniyaning eksport-kredit agentligi — UK Export Finance (UKEF) O‘zbekistonda yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 4 mlrd funt sterlinggacha (taxminan $5,5 mlrd) mablag‘ ajratishga tayyor. Bu haqda Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2026) doirasida iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun xorijiy kapitalni jalb etish masalalariga bag‘ishlangan sessiyada ma’lum qilindi.
Tadbirda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Smart va mamlakat investitsiyalar vaziri lord Jeyson Stokvud ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalari sezilarli darajada kengayganini qayd etdi. Xususan, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistonga eksporti 2016-yildagi 67 mln funt sterlingdan ($90,5 mln) o‘tgan yil yakunida qariyb 600 mln funt sterlinggacha ($810 mln) oshgan.
Britaniya kompaniyalari O‘zbekistondagi qator yirik loyihalarda faol ishtirok etmoqda. Jumladan, britaniyalik mutaxassislar Yangi Toshkent bosh rejasini ishlab chiqishda qatnashgan, Zaha Hadid Architects esa Navoiy viloyatidagi ilmiy-tadqiqot markazini loyihalashtirmoqda.
Hamkorlik tog‘-kon sanoatini ham qamrab olgan. UKEF bosh direktori Tim Rid agentlik avvalroq Olmaliq kon-metallurgiya kombinati uchun bitimni moliyalashtirganini ma’lum qildi. Mablag‘lar maxsus uskunalarni xarid qilishga yo‘naltirilgan bo‘lib, bunday moliyalashtirishning asosiy sharti loyiha tarkibida kamida 20% britan tovarlari yoki xizmatlari mavjud bo‘lishidir.
Hozirda UKEFning O‘zbekiston uchun moliyalashtirish limiti 4 mlrd funt sterlingni tashkil etadi. Agentlik hukumat kafolatlarini taqdim etib, tijorat banklari kreditlari shartlarini yaxshilash, qarz muddatlarini uzaytirish va investorlar uchun xatarlarni kamaytirishga ko‘maklashadi.
Britaniya tomoni mazkur mexanizmlardan uzoq muddatli loyihalar, jumladan, “yashil” energetika, transport, ilg‘or ishlab chiqarish, sog‘liqni saqlash va muhim minerallar qazib olish sohalarida foydalanishni rejalashtirmoqda.
Ta’lim va moliya sohalaridagi hamkorlik ham kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda 35 mingdan ortiq talaba Britaniya dasturlari asosida tahsil olmoqda, ularning 5 ming nafari Westminster International University in Tashkent talabalaridir.
Moliya sektorida ham xususiy kapital oqimi kuzatilmoqda. Xususan, Sturgeon Capital mintaqada venchur investitsiyalarni moliyalashtirish uchun $400 mln dan ortiq mablag‘ jalb qilgan.
Shuningdek, London Stock Exchange bosh direktori Julia Hoggett va Standard Chartered’ning Buyuk Britaniya bo‘yicha rahbari Saif Malik ham O‘zbekistonga kapital jalb qilish jarayoniga qo‘shilgan. Ularning fikricha, mamlakatdagi regulyator islohotlar va davlat kompaniyalarining xalqaro bozorlarga chiqishi ikki tomonlama hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Buyuk Britaniyaning investitsiyalar vaziri lord Jeyson Stokvud jurnalistlar bilan muloqotda raqamli iqtisodiyot, moliyaviy xizmatlar va muhim minerallar qazib olish sohalarini Britaniya kapitali uchun eng jozibador yo‘nalishlar deb atadi.
O‘zbekiston iqtisodiyoti hali ‘kritik massa’ga yetgani yo‘q, biroq u keng ko‘lamli rivojlanish bosqichining boshida turibdi. Bu esa kelgusi o‘n yillikda tadbirkorlik uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi, — dedi u.
Vazirning ta’kidlashicha, ayrim xorijiy investorlarning mamlakatga sarmoya kiritishdan tiyilib turishiga mahalliy tizimga bo‘lgan ishonchning yetarli emasligi sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, Buyuk Britaniya hukumati O‘zbekiston bozoriga ishonch bildirayotganini, bunga davlat investitsiya jamg‘armasining London fond birjasiga muvaffaqiyatli chiqishi misol bo‘la olishini qayd etdi. Uning aytishicha, tomonlar yaqin 5−10 yil davomida Britaniya kompaniyalari oqimini ko‘paytirish maqsadida ma’muriy va texnik to‘siqlarni bartaraf etish ustida hamkorlik qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ