Dehqon xoʻjaliklariga eskirgan bogʻlarni yangilash uchun 150 mln soʻmgacha kredit ajratiladi

Shuningdek, sanoatlashgan bogʻlarda quduqlardan olinadigan suv uchun soliq qiymati 1 soʻm etib belgilanadi

Dehqon xoʻjaliklariga eskirgan bogʻlarni yangilash uchun 150 mln soʻmgacha kredit ajratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda intensiv sanoatlashgan bogʻlarni koʻpaytirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Mamlakatda 572,6 ming gektar bogʻ va tokzor mavjud boʻlib, ular yiliga $1 mlrdlik eksportni taʼminlamoqda, 882 ming nafar aholining daromad manbaiga aylangan.

Yig’ilishda yer va suv resurslari cheklangan hozirgi sharoitda sohadagi oʻsishni faqat maydonlarni kengaytirish hisobidan emas, balki har bir gektardan olinadigan hosildorlik va daromadni oshirish orqali taʼminlash zarurligi taʼkidlandi. Oʻzbekiston 2030-yilga qadar oziq-ovqat mahsulotlari eksportini $10 mlrdga yetkazishni maqsad qilgan. Bunda intensiv, sanoatlashgan bogʻdorchilikni kengaytirish muhim omil boʻladi.

Yigʻilishda mavjud bogʻ va tokzorlar holati tahlil qilindi. Hozirda 61 ming gektar eskirgan va 18 ming gektar yaroqsiz bogʻlarni yangilash zarur. Ayrim hududlarda bunday maydonlardan gektariga bor-yoʻgʻi 5 tonna hosil olinmoqda, yillik daromad esa 10 mln soʻmga ham yetmayapti.

Misol uchun, Pop tumanida 1,2 ming gektar eski va yaroqsiz bogʻlar mavjud. Agar ular oʻrnida eksportbop navlar ekilib, quritish, saralash va qadoqlash boʻyicha agrologistika markazlari tashkil etilsa, hosildorlik va daromadni bir necha barobar oshirish mumkin. Mazkur tumanda 84 gektarda barpo etilgan eksportbop gilos bogʻi tajribasi ham intensiv bogʻdorchilikning amaliy natijasini koʻrsatmoqda. Hali toʻliq hosilga kirmagan yosh koʻchatlardan ham gektariga 7 tonnadan hosil olinib, bir kilogramm mahsulot $8 dan eksport qilinmoqda.

Shu bois, eski va yaroqsiz bogʻlar bilan ishlash boʻyicha yangi tartib joriy etish taklif qilindi. Bu jarayonda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish, sanoatlashgan bogʻlar barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish boʻyicha xulosa beradi. 12 oy davomida sanoatlashgan bogʻ barpo etilmagan maydonlar uchun yer va suv soligʻi stavkasini oshirish, bu holat yana 12 oy davom etsa, suvdan foydalanishni cheklash taklif etildi.

Prezident yerdan samarali foydalanish ustidan nazoratni raqamlashtirish zarurligini taʼkidladi. Eskirgan va yangi sanoatlashgan bogʻlar holatini kosmik tasvirlar orqali monitoring qilish boʻyicha axborot tizimini ishga tushirish topshirildi.

Tomorqa va dehqon xoʻjaliklaridagi eski bogʻlarni yangilash ham eʼtibordan chetda qolmasligi kerakligi koʻrsatib oʻtildi. Buning uchun mahalla bankiri orqali aholiga 50 donagacha koʻchat yoki 2 mln soʻmgacha qarz berish, dehqon xoʻjaliklariga esa eskirgan bogʻlarni yangilash uchun 150 mln soʻmgacha kredit ajratish taklif qilindi.

2026-2028-yillarda 168 ming gektar sanoatlashgan bogʻ va tokzorlar tashkil etish rejalashtirilgan. Buning hisobiga $2 mlrd investitsiya jalb qilinib, 258 mingta ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda.

Bunday loyihalarni moliyalashtirish va amaliy qoʻllab-quvvatlash uchun 9 ta tijorat banki hududlarga biriktiriladi. Ular sanoatlashgan bogʻlarni tadbirkorlarga tayyor holda topshirish bilan birga ikki yil davomida agrotexnik, moliyaviy va tashkiliy jihatdan kuzatib boradi.

Yigʻilishda intensiv bogʻ tashkil qilmoqchi boʻlgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha alohida tizim joriy etilishi belgilandi. Joylardagi “Agrostar” kompaniyalari tadbirkorlar bilan ulushdorlik asosida hamkorlik qiladi. Bunda “Agrostar” kompaniyalari ustav kapitalining 50% igacha qismida pul mablagʻi bilan, tadbirkor esa yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi bilan ishtirok etadi.

Tadbirkorlarga “Agrostar” kompaniyasi ulushini qayta baholamasdan 7 yil ichida boʻlib-boʻlib sotib olish huquqi beriladi. Bu tizim eski bogʻ egalarini ham manfaatdor qiladi: ular yangilangan bogʻlardan orttirgan daromadi hisobidan ulushni bosqichma-bosqich sotib olib, keyinchalik intensiv bogʻga toʻliq egalik qilishi mumkin boʻladi.

Bunday loyihalarga banklar tomonidan har bir gektar uchun 120 mln so‘mgacha kredit ajratiladi. Kredit vaqtida qaytarilsa, foiz stavkasining yarmi kompensatsiya qilinadi. Shuningdek, sanoatlashgan bogʻlarning parvarishlash xarajatlari uchun 3 yil davomida har gektarga 5 mln soʻmdan subsidiya beriladi.

Suv tejovchi texnologiyalar, mevali koʻchat va qishloq xoʻjaligi texnikasini xarid qilish uchun tadbirkorlar islom moliyasi xizmatlaridan foydalanishi mumkin boʻladi.

Prezidentimiz yigʻilishda soʻzga chiqqan tadbirkorlarning fikr-mulohazalarini tingladi. Ularning yetishtirilgan yoki import qilingan mevali koʻchatlar va payvandtaglar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini nol stavkada qoʻllash, suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatilgan sanoatlashgan bogʻlarda quduqlardan olinadigan suv uchun soliqni 5 yil muddatga 1 soʻm etib belgilash haqidagi takliflarini maʼqulladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Tarjimon Mark Riz “O‘tkan kunlar” asari huquqlari buzilgani yuzasidan sudda g‘alaba qozondi
/
Tarjimon Mark Riz “O‘tkan kunlar” asari huquqlari buzilgani yuzasidan sudda g‘alaba qozondi
“O‘zbekenergota’mir” Uzbekistan Energy Week 2026 ko‘rgazmasida rivojlanish yo‘nalishlarini taqdim etdi
/
“O‘zbekenergota’mir” Uzbekistan Energy Week 2026 ko‘rgazmasida rivojlanish yo‘nalishlarini taqdim etdi
Migratsiya agentligining sobiq rahbari xalqaro qidiruvga berildi
/
Migratsiya agentligining sobiq rahbari xalqaro qidiruvga berildi