Oktabr oyida O‘zbekiston va BMT o‘rtasida 5 yillik Hamkorlik dasturi imzolanishi kutilmoqda
Bugunga qadar sheriklikda 160 dan ortiq dastur amalga oshirilmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-sentabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko’ra, oktabr oyida besh yilga mo‘ljallangan yangi Hamkorlik dasturi imzolanishi kutilmoqda. Bugunga qadar O‘zbekiston va BMT sheriklikda 160 dan ortiq dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.
Keyingi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston EKOSOS, Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mita, Statistika komissiyasi kabi nufuzli tuzilmalarga a’zo etib saylandi.
Antoniu Guterrish O‘zbekiston Prezidentining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, yoshlar, ma’rifatparvar islom dini va boshqa sohalarda global hamkorlikni ilgari surish borasidagi tashabbuslari muhimligini alohida ta’kidladi.
Suhbat chog‘ida dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida ustuvor yo‘nalishlarda keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirish, hamkorlikning yangi dastur va loyihalarini ishlab chiqishga kelishib olindi.
Kapita.uz avvalroq O‘zbekiston-Koreya hamkorlikda Texnologiya va sanoat sherikligi dasturini amalga oshirishi haqida xabar bergandi. Dastur xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, kimyo, mashinasozlik kabi yo‘nalishlardagi loyihalarni o‘z ichiga oladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ