Elektr ta’minotidagi uzilishlar va yoqilg‘i narxlarining oshishi biznesga to‘sqinlik qilmoqda — MB

Ikkinchi choragida tadbirkorlarning 64%i bozordagi vaziyatni bir yil avvalgiga nisbatan yaxshilangan deb baholagan

Elektr ta’minotidagi uzilishlar va yoqilg‘i narxlarining oshishi biznesga to‘sqinlik qilmoqda — MB

2026-yil II choragida O‘zbekistonda iqtisodiy faollik ijobiy dinamikani ko‘rsatdi, biznes sektorining bozor muhitiga bergan bahosi esa barqaror qoldi. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan sharhda ma’lum qilindi.

So‘rovnomada mamlakat bo‘ylab 2 391 nafar tadbirkorlik vakili ishtirok etdi. Ularning 64%i bozordagi joriy vaziyat 2025-yilning II choragiga nisbatan yaxshilanganini qayd etgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 61% ni tashkil qilgan.

So‘nggi ikki yil davomida mazkur ko‘rsatkichning 50%dan yuqori darajada saqlanib qolishi xususiy sektorning iqtisodiy vaziyatga ishonchi barqaror ekanini ko‘rsatmoqda.

Tadbirkorlar ijobiy o‘zgarishlar qatorida bank xizmatlari sifatining yaxshilanishi, raqobatning rivojlanishi, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartiblarining soddalashishi va yo‘l infratuzilmasining qisman yangilanganini qayd etgan.

Shu bilan birga, monopoliyalashuv darajasi, ma’muriy aralashuv, elektr energiyasi ta’minoti va bojxona bojlari masalalarida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmagan.

Hisobot davrining asosiy tendensiyalaridan biri iqtisodiy faollikning oshishi bo‘ldi. So‘rov ishtirokchilarining 56%i buyurtmalar soni ko‘payganini bildirgan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida qayd etilgan. Bu hududlarda qurilish, turizm, umumiy ovqatlanish, hunarmandchilik va sanoat sohalari ajralib turgan.

Yuqori ishlab chiqarish quvvatida ishlayotgan kompaniyalar ulushi ham 50%dan 58%gacha oshgan. Korxonalarning eng yuqori yuklamasi Farg‘ona, Namangan, Qashqadaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida kuzatilgan.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida ushbu ko‘rsatkichlar nisbatan past bo‘lgan.

Korxonalarni to‘liq quvvatda ishlashiga asosiy to‘sqinlik qilayotgan omillar sifatida elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar, ichki talabning sustligi, avtomobil yoqilg‘isi narxining oshishi va logistika bilan bog‘liq kechikishlar ko‘rsatilgan.

Mehnat bozoridagi vaziyat ham barqarorligicha qolmoqda. Kompaniyalarning 48%i qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj ortayotganini bildirgan. Yaqin oylarda Xorazm, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida, ayniqsa ishlab chiqarish, qurilish, turizm va moliya sohalarida xodimlarga talab yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Moliyaviy masalalarda so‘rov ishtirokchilarining 42%i so‘nggi uch oyda qarz majburiyatlari oshganini ma’lum qilgan. Kredit mablag‘lariga ehtiyoj ham ortib bormoqda — respondentlarning 45%i kelgusida kredit yuklamasi oshishini kutmoqda.

Kreditlarga eng yuqori talab Navoiy, Qashqadaryo, Andijon va Jizzax viloyatlarida qurilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm va umumiy ovqatlanish sohalarida kutilmoqda. Farg‘ona, Toshkent va Buxoro viloyatlarida esa kreditlarga talab kamayishi yoki hozirgi darajada qolishi prognoz qilinmoqda.

Umuman olganda, so‘rov ishtirokchilarining 82%i kelgusida makroiqtisodiy vaziyat yaxshilanishiga ishonmoqda. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 66% ni tashkil etgan. Markaziy bank ushbu natijalar iqtisodiyotning keyingi rivojlanishiga nisbatan ijobiy kutilmalar yuqori darajada saqlanayotganini qayd etdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda pensiya ushlanmalaridan so‘ng pensionerga kamida 715 ming so‘m qolishi kerak bo‘ladi
/
O‘zbekistonda pensiya ushlanmalaridan so‘ng pensionerga kamida 715 ming so‘m qolishi kerak bo‘ladi
O‘zbekistonda iyul oyida avtomobil savdosi 30% ga kamaydi
/
O‘zbekistonda iyul oyida avtomobil savdosi 30% ga kamaydi
Kripto birja va do‘konlar mijozlarni uchinchi tomon orqali tekshirishi mumkin
/
Kripto birja va do‘konlar mijozlarni uchinchi tomon orqali tekshirishi mumkin